Asalning ham ozi shirin...
Illyustrativ foto
XXI asr — texnika asri. Sababi, ayni paytga kelib hayotimizni texnika vositalarisiz aslo tasavvur eta olmaymiz. Masalan, mobil telefonini olaylik. Bu mitti, moʻjaz qurilmaning xizmati bizga istalgan joy va istalgan sharoitda asqatadi.
Buni soʻnggi yillarda jahon boʻyicha mobil aloqa operatorlari abonentlari soni oshib borayotganidan ham bilish mumkin. Statistika maʼlumotlariga qaraganda, 2002 yili sayyoramiz aholisining 19 foizi (1,132 milliard kishi) mobil aloqa vositasidan foydalangan. Bugun esa bu raqamlar keskin oʻzgarib ketdi.
Masalan, Pew Research Center tahlil kompaniyasi tomonidan oʻtgan yil oʻtkazilgan soʻrovga koʻra, bugungi kunda dunyodagi jami yoshi katta insonlarning 59 foizi smartfonlardan, 31 foizi esa oddiy mobil telefonlardan foydalanmoqda. Bundan koʻrinib turibdiki, Yer yuzi boʻyicha atigi oʻn foiz inson bunday qurilmaga ega emas. Ular yo bunday xizmat turi yetib bormagan hududlarda yashashadi, yoki bunga oʻzlarida ehtiyoj sezishmaydi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha mobil aloqa operatorlari abonentlari soni bugungi kunga kelib 6,9 milliard kishidan oshib ketgan.
Mobil aloqa xizmatining ijobiy tomonlarini inkor etib boʻlmaydi. Ammo...
Albatta, mobil aloqa xizmatining ijobiy tomonlarini inkor etib boʻlmaydi. Ammo qoʻl telefonlarining inson salomatligiga zarari ham borligi haqidagi mulohazalar kishini hushyorlikka chorlaydi. Sohada kuzatishlar olib borgan mutaxassislar eʼtiroficha, mobil telefonlaridan tarqaladigan elektromagnit nurlari boshqa maishiy texnika vositalaridan chiqadigan nurlarga qaraganda inson organizmiga tez singar ekan. AQSH, Avstraliya, Germaniya va yana bir qator mamlakatlar olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar yakunida shunday xulosalarga kelindi.
Kuzatishlarga koʻra, mazkur aloqa vositalarining inson organizmiga zarari qoʻyidagi holatlarda namoyon boʻlarkan.
Maʼlumki, mazkur aloqa qurilmalaridan vaqti-vaqti bilan foydalanamiz. Ana shu muddat oraligʻida esa inson organizmida bioenergiyaviy muvozanat buzilar ekan. Natijada tananing axborot almashuv tizimi shikastlanarkan. Buning taʼsirida markaziy asab tizimi faoliyati sustlashib, qon tarkibida oʻzgarish roʻy beradi. Oqibatda miyada shishlar paydo boʻlib, bundan turli gormonal kasalliklar kelib chiqish ehtimoli oshadi. Qolaversa, markaziy asab tizimining zararlanishi yurak-qon tomir va allergik xastaliklarga olib keladi.
Bunday qurilmalar yuzaga keltiradigan elektromagnit maydonlarining eng xavfli jihati shundaki, u yosh bolalar va hatto ona qornidagi homilaga ham shikast yetkazishi mumkin.
Tadqiqotchilarning fikricha, mobil aloqa vositasi ishga tushirilishi bilan elektromagnit maydoni hosil boʻladi va u insonga oʻz taʼsirini oʻtkaza boshlaydi. AQSHdagi “American Health Foundation” va “Integrated Laboratory Systems” tibbiyot markazlari tomonidan olib borilgan kuzatishlar yakunida muntazam mobil telefondan foydalangan odamlarning bosh miyalarda shish paydo boʻlgani aniqlangan. Avstraliya va Yevropa mamlakatlarida koʻp yillar davomida bunday nurlanish taʼsirida boʻlgan odamlarning qon toʻqimalari buzilishi kabi salbiy jarayonlar ham sodir boʻlgan.
Mobil telefonlari yuqori chastotalarda ishlaydi. Bu jarayonda elektromagnit toʻlqinlari insonning butun vujudini qamrab oladi. Oqibatda nurlar teri toʻqimalari orqali hech bir toʻsiqsiz organizmga oʻtib ketadi.
Mutaxassislarning fikricha, GSM 900/1800 standarti asosida ishlab chiqarilgan mobil telefonlarining xavflilik darajasi juda yuqori ekan. Chunki ular 900-1800 MGs chastotalarda ishlashga moslashtirilgan. NMT 450 standarti boʻyicha ishlab chiqarilgan telefonlar esa 450 MGs chastotada maʼlumotlarni qabul qiladi va uzatadi. Ammo bu ham organizm uchun mutlaqo xavfsiz degani emas. Sababi, ularda ham elektromagnit nurlarining inson organizmiga soʻrilish quvvati yuqori.
Mobil telefonlariga oʻrnatilgan antenna elektromagnit maydoni hosil boʻladigan asosiy nuqta hisoblanadi. Qoʻngʻiroq kelishi bilan uni quloqqa tutamiz. Aynan shu yoʻl orqali nurlar hech bir toʻsiqsiz inson miyasiga taʼsir koʻrsata boshlaydi.
Shu bois avstraliyalik olimlar nurlanishning aynan eshitish organlari orqali inson tanasiga oʻtishi oʻta xavfliligini maʼlum qilishdi. Aynan shu omil organizmda biokimyoviy oʻzgarishlar sodir boʻlishiga olib keladi. Natijada inson muntazam kuchli hayajonlanish jarayoniga tushib qoladi. Bu esa miyaning ishlash meʼyoriga salbiy taʼsir etadi.
Bundan qanday xalos boʻlish mumkin?
Aynan shu savolga javob topish keng muhokamaga sabab boʻlmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan maʼlum qilinishicha, ayni paytga kelib insoniyatni zararli elektromagnit nurlaridan himoya qilish dunyoda birinchi darajali muammoga aylangan. Shu bois tashkilot mazkur jarayon avj olgan bir qator mamlakatlarning sogʻliqni saqlash tizimiga murojaat qilib, aholini elektromagnit nurlaridan himoya qilish boʻyicha milliy markazlar yoki elektromagnit himoyasi markazlari tashkil qilishga chaqirgan. Ularning oldiga esa birinchi navbatda mobil aloqaning salbiy taʼsirini imkoni boricha pasaytirish masalasi qoʻyildi. Oʻz navbatida tashkilot bunday taʼsir xavfini faqat kamaytirish mumkinligini va unga qarshi ommaviy profilaktika tadbirlari olib borish imkoniyati yoʻqligini alohida qayd etadi. Shu bois bir necha yil avval tashkilot tashabbusi bilan mobil aloqa vositalari xarid qiluvchilarga ularning inson sogʻligiga salbiy taʼsiri borligi haqidagi maʼlumotnomalar ham taqdim etish joriy etilgandi.
Mazkur maʼlumotnomada 16 yoshga toʻlmagan oʻsmirlar, homilador ayollar, asabi xastalarga mobil telefonlaridan foydalanish tavsiya etilmasligi qayd etilgan.
Xoʻsh, unda qancha gaplashgan maʼqul?
Koʻcha-koʻyda uyali aloqa vositasi orqali gaplashib turgan yosh oʻsmir va qizlarga har kuni koʻzimiz tushadi. Ularning suhbatlari hatto soatlab ham davom etishi mumkin. Xalqimizda “Asalning ham ozi shirin” degan ajoyib naql bor. Bu bejiz aytilmagan, albatta. Mutaxassislar mobil telefoni orqali suhbat koʻpi bilan uch daqiqa davom etgani maʼqul deb hisoblashmoqda. Bir suhbat bilan ikkinchi suhbat oraligʻidagi vaqt esa oʻn besh daqiqadan kam boʻlmasligi maqsadga muvofiq. Shuningdek, telefonlarni maxsus gʻiloflarda olib yurish ham ularning zararli taʼsirini birmuncha kamaytiradi.
Muxlisa Abdiyeva.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring