Asalarichilikda raqamli yechimlar: Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi amaliyot va tajriba

23:10 18 May 2023 Iqtisodiyot
811 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Butunjahon asalarilar kuni munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy vakolatxonasi tomonidan asalarichilikni raqamlashtirish jarayonlarini tahlil qilish va kelgusida ushbu yoʻnalishdagi ishlarni muhokama qilish maqsadida Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon va Turkiya mutaxassislari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Oʻzbekiston asalarichilar uyushmasida “Asalarichilikda raqamli yechimlar: Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi amaliyot va tajriba” mavzusidagi seminar gibrid formatda oʻtkazildi va unda tegishli vazirlik va idoralar, davlat va xususiy sektor hamda ilmiy tashkilotlar vakillari, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

Asalarichilikda raqamli texnologiyalardan foydalanish sohani rivojlantirishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Dunyoning turli burchaklaridagi qishloq aholisi innovatsiyalarning muhim afzalliklarini allaqachon tushunib yetishgan. Biroq, bugungi kunda raqamli vositalar asosan sinov rejimida ishlaydi va ularning aksariyati faqat maʼlum geografik mintaqalar uchun moslashtirilgan. Bundan tashqari, hozirgi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida mobil va internet resurslari yetishmasligi muammosi mavjud boʻlmasa-da, qishloq aholisining raqamli vositalar imkoniyatlari toʻgʻrisida yetarli darajada xabardor emasligi sababli ularning salohiyatidan hali ham toʻliq foydalanilmayapti. Shu munosabat bilan FAO asalarichilik sohasiga innovatsiyalarni keng joriy etishga koʻmaklashmoqda va bu boradagi ulkan yutuqlardan biri Oʻzbekistonda asalarichilar uchun ishlab chiqilgan, qishloq hududlarida keng qoʻllanilayotgan innovatsion axborot almashish tizimidir. Kelgusida Turkiya va Ukrainada shunga oʻxshash raqamli vositalarni joriy etishga koʻmaklashish rejalashtirilgan.

Asalarichilar uchun innovatsion axborot almashish tizimi FAOning 2019-2021-yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan “Asalarichilikni barqaror rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. Bu foydalanuvchilarga asalarichilik ishlari uchun barcha kerakli oʻquv va statistik maʼlumotlarni onlayn tarzda taqdim etadigan mobil ilova hisoblanadi. Masalan, ilova maʼlum bir hududda boshqa asalari koloniyalarining joylashganligini koʻrsatuvchi geografik maʼlumotlar orqali asalari oilalarini maqbul joylashtirish uchun toʻgʻri manzil belgilashga xizmat qilishi mumkin. Ilovaning yana bir afzalligi shundaki, u pestitsidlardan foydalanish toʻgʻrisida erta xabar beradi, bu esa fermerlarga asalarilar va hosilni yoʻqotmaslik uchun oʻz vaqtida zarur choralarni koʻrish imkonini beradi.

Seminar ishtirokchilari oʻz chiqishlarida butun dunyoda qoʻllaniladigan asalarichilik uchun mavjud IT-innovatsiyalar haqida soʻz yuritib, ularning afzalliklari va mintaqada joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildilar, shuningdek asalarichilikni raqamlashtirishga taʼsir qiluvchi omillarni aniqladilar. Turli mamlakatlar mutaxassislari yuqori sifatli asal olish uchun raqamli yechimlar sohasidagi oʻz qarashlari va ilgʻor tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Butunjahon asalarilar kuni munosabati bilan tadbirda asalarilar va boshqa changlatuvchi hasharotlarning ekotizim salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, bioxilma-xillikni saqlashdagi asosiy roli alohida taʼkidlandi.

2023-yilda Butunjahon asalarilar kuni “Asalarilarga eʼtibor — biz changlatuvchi hasharotlar uchun qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining xavfsizligini taʼminlaymiz” mavzusiga bagʻishlangan va qishloq xoʻjaligini yuritish usullarini takomillashtirish orqali changlatuvchi hasharotlar uchun doʻstona qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini global darajada qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish va ularni himoya qilish muhimligini eslatishga qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер