Ark qoʻrgʻonida “Xattotlik va uning falsafasi” mavzusida anjuman oʻtkazildi

16:56 26 Dekabr 2023 Jamiyat
939 0

Foto: "Xalq soʻzi"

— XIV-XV asrlarda ilm-fan, madaniyat va sanʼatning barcha sohalarida boʻlgani kabi xattotlik sanʼatida ham misli koʻrilmagan yuksalish kuzatildi, — deydi Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarix ilmiy boʻlimi mudiri Oʻktamali Ravshanov.— Shu davrdan boshlab Oʻrta Osiyoning turli mintaqalarida bir necha xattotlik maktabi paydo boʻldi. Buxoro, Xorazm, Fargʻona, Samarqand va Toshkent xattotlik maktablari shular jumlasidan.

Xattotlik sanʼatiga qiziqish kuchaygani sabablaridan biri qadimda kitob chop etadigan bosmaxonalar mavjud boʻlmaganligidir. XVI asrda Shayboniylar sulolasi vakillari saʼy-harakatlari bilan asos solingan Buxoro xattotlik maktabi Mirali Hiraviy (vafoti 1557-yil), Mir Ubayd Buxoriy (vaf. 1601 й.), Mir Husayn Koʻlankiy Buxoriy (XVI asr), Sayyid Abdulloh Buxoriy (vafoti 1647), Hoji Yodgor (vafoti 1663), Pirmuhammad Soʻfi Buxoriy, Mirza Buxoriy, Sulton Muhammad Buxoriy, Abdurahmon Barkiy Munshiy (XV asr), Inoyatillo Kotib (XVII asr), Mirza Abdurahmon (XVIII asr), Fozil Devona (XIX asr) Ahmad Donish (1826–1897), domlo Bobobek (XIX asr boshi), Abdul Fattohxon Mirza Mahdixon (XIX-XX asr boshi) kabi vakillari bilan shuhrat qozondi.

— Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi qoʻlyozmalar fondida koʻplab xattotlarning ish namunalari saqlanib qolgan, — deydi yana bir suhbatdoshimiz, Sharq qoʻlyozmalarni tadqiq qilish boʻlimi mudiri А.Аҳмедов. — Jumladan, Mir Ali Hiraviy, Domlo Bobobek, Shahobiddin Mahdum Foziljon oʻgʻli, Ahmad Donish, Mirzo Siddiqxon toʻra Hishmat, Mirzo Abdul Karim, Muhammad Rajab Balxiy, Hikmatullo Xoʻja Mahdum, Sultonmurod Namadiy, Muhammad Rizo, Muhammad Hoʻqandiy, Kamtariy, Arabshoh Buxoriy, Mirzo Mahdum Samarqandiy, Akobir Kayfiy Badaxshiy, Sayyid Nuriddin, Mirzo Sodiq Jondoriy, Mirzo Abdulloyi Savdo, Dabiriy, Gʻulomjon Mirzo Qobil miroxoʻr, Muhammad Sharif Sadri Ziyo, Mahdixon kotib, Abdulfattox bin Mahdixon, Hoji Mir Baqo va shu kabi koʻplab kotiblarning xattotlik ishlaridan namunalar mavjud.

Shu namunalarning aksariyati Ark qoʻrgʻonida “Xattotlik va uning falsafasi” deb nomlangan anjuman va koʻrgazmada namoyishga қўйилди.Тадбир avvalida muzey-qoʻriqxona direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari J. Xalilov, Tojikiston pedagogika instituti prorektori, tarix fanlari doktori, professor Sh. Vohidov, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari nomzodi N. Xidirova, Buxoro davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Z. Amonova va boshqalar xattotlikning Oʻrta Osiyo xalqlari maʼnaviy-maʼrifiy hayotida tutgan oʻrni, kitobaatchilik sanʼatining shakllanishi, qoʻlyozmalarni oʻrganish kabi qator mavzularda maʼruzalar qilishdi, xattotlikni tadqiq qilish, matnlarni oʻqiy oladigan mutaxassislarni tayyorlash bilan bogʻliq foydali takliflarni oʻrtaga tashlashdi.

Xattotlik sanʼati ixlosmandlari, moziyshunoslar, sharqshunos tadqiqotchilar, buxorolik tolibi ilmlar, Samarqand davlat universitetida tarix yoʻnalishida tahsil olayotgan xitoylik bir guruh talabalar qatnashgan tadbir yakunida ishtirokchilar qadimiy qoʻlyozmalar koʻrgazmasi bilan yaqindan tanishdilar.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер