Joriy yilning 30-aprel kuni AQSH hududida qonuniy asoslarsiz boʻlib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar roʻyxatiga kiritilgan Oʻzbekiston fuqarolari “Nyu-York – Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha maxsus reys bilan vatanga qaytarildi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, maxsus charter reysda qariyb yuz nafar Oʻzbekiston, shuningdek, Qozogʻiston hamda Qirgʻiziston fuqarolari ham boʻlgan. Ular Toshkentga kelgach, shu yerdan oʻz mamlakatlariga qaytishni rejalashtirgan.
“Vatanga qaytarilgan aksariyat fuqarolar AQSH chegarasini noqonuniy yoʻl bilan kesib oʻtishga uringani sababli uzoq vaqt davomida migratsiya markazlarida qolib ketishgan”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, AQSH Ichki xavfsizlik departamenti Qoʻshma Shtatlardagi noqonuniy boʻlib turgan fuqarolarning deportatsiyasini tashkil etishda yordam bergani uchun Oʻzbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring