AQSHda Oʻzbek jamoasi “Turon Assotsiatsiyasi” tashkil etildi
Oʻzbekiston elchisi Furqat Siddiqovning AQSHning Boston shahriga (Massachusets shtati) tashrifi doirasida ushbu shahar va uning atrofida istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuv doirasida vatandoshlarga mamlakatimizda oʻlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Elchi Furqat Siddiqov madaniy va ilmiy hamkorlikni kengaytirishda vatandoshlar uyushmalarining roli muhim ekanligiga urgʻu berdi.
Tadbir davomida, shuningdek, Boston shahrida yangi tashkil etilgan Oʻzbek jamoasi “Turon Assotsiatsiyasi”ning tantanali ochilishi ham boʻlib oʻtdi. Assotsiatsiyaning asosiy vazifalari orasida Oʻzbekiston madaniyati va merosini saqlash va uni keng jamoatchilikka targʻib qilish, vatandoshlar oʻrtasida maʼrifiy va ilmiy tadbirlarni tashkil etish kabi muhim yoʻnalishlar mavjud ekaniga urgʻu berildi.
Bundan tashqari, Boston shahri va uning atrofida istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz uchun tashkil etilayotgan “Ildiz” onlayn platformasining taqdimoti ham oʻtkazildi. Platforma, oʻz faoliyatini AQSHda ishlaydigan yuqori malakali mutaxassislar, moliya institutlari, universitetlar, yuridik firmalar, tadbirkorlar va investorlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.
Soʻngra vatandoshlarimiz hamda amerikalik hamkorlar ishtirokida kirib kelayotgan Navroʻz bayrami munosabati bilan madaniy kecha tashkil etildi. Xususan, tadbirda Garvard universitetining yetakchi olimlari va institut rahbarlari ishtirok etdi.
Ularga Oʻzbekistonning turistik va gastronomik salohiyati, madaniy urf-odatlari, boy madaniyatning oʻziga xosligi, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda kuzatilayotgan dinamik oʻzgarishlar haqida maxsus videolavhalar namoyish qilindi.
Uchrashuv yakunida vatandoshlarimiz ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida madaniy va ilmiy almashinuv dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekistonning AQSHdagi imijini mustahkamlashga tayyorliklarini bildirishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring