AQSH OPEKka bosim oʻtkazish uchun Osiyo davlatlaridan strategik neft zaxiralarini boʻshatishni soʻradi
Foto: Lenta.ru
AQSH Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK)ga bosim oʻtkazish va narxlarni pasaytirish maqsadida bir qancha Osiyo davlatlaridan strategik neft zaxiralarining bir qismini boʻshatishni soʻragan.
Bu haqda “Reuters” vaziyatdan xabardor boʻlgan bir nechta manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, AQSH prezidenti Jo Bayden maʼmuriyati yirik isteʼmolchilar – Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston va Xitoyga xuddi shunday soʻrov bilan chiqqan.
Hozircha Tokio Vashington taklifiga ijobiy javob bergan aytilmoqda. Janubiy Koreya rasmiysi esa agentlikka Vashington soʻrovi koʻrib chiqilayotganini tasdiqlagan. Boshqa birorta davlat bunga aniq javob bermagan.
Agentlik suhbatdoshlaridan biri nega strategik zaxiralari juda kichik boʻlgan Hindistonga murojaat qilindi, degan savolga, bu yerda asosiy narsa birdamlik, deya javob bergan.
“Yirik isteʼmolchilar OPEKga oʻz xatti-harakatlarini oʻzgartirishi kerakligini tushuntirishi muhim”, deydi u.
“Reuters” agentligiga koʻra, AQSH hisob-kitoblariga koʻra, bozorlarga taʼsir oʻtkazish uchun Qoʻshma Shtatlar oʻz zaxiralaridan 20-30 million barrel neftni boʻshatishi kerak.
Ammo bu qadam ham bozorga jiddiy bosim oʻtkazmaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring