AQSH Kongressiga saylovlar yakunlandi: Respublikachilar yetakchilik qilmoqda, ammo Bayden partiyasi Senatda koʻpchilikni saqlab qolish imkoniyatiga ega
Foto: Reuters
Kongress quyi palatasiga saylovlarda respublikachilar demokratlardan kichik farq bilan yetakchilik qilmoqda
8-noyabr kuni AQSH Kongress quyi palatasi — Vakillar palatasidagi 435 oʻringa saylovlar boʻlib oʻtdi.
Tahlilchilarning prognozlariga koʻra, respublikachilar oʻrinlarning mutlaq koʻpchiligini qoʻlga kiritish imkoniyatiga ega boʻlgan. Biroq, 9-noyabr kuni ertalabki gʻalabaga boʻlgan umidlar amalga oshmadi, deyiladi "Associated Press" xabarida. Aksincha, demokratlar nafaqat respublikachilar umid qilayotgan bir qator saylov okruglarini saqlab qolishga, balki baʼzilarini raqiblaridan olib tashlashga ham muvaffaq boʻlishgan.
Hozircha respublikachilar yetakchilik qilmoqda, ammo kutilgandek ishonchli emas. "Associated Press"ning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, Vakillar palatasida demokratlar hali ham 172 oʻringa ega, respublikachilar esa 199 ta oʻringa ega. Boshqa OAVlarning hisob-kitoblari bir-biridan farq qiladi: "Reuters"da 173ga 198, "CNN" 178ga 199.
Palata ustidan nazoratni qoʻlga kiritish uchun partiyalardan biri 218 mandatga ega boʻlishi kerak va qator ommaviy axborot vositalariga koʻra, respublikachilarning aniq gʻalabasi haqida gapirishga hali erta – koʻplab shtatlarda nomzodlar oʻrtasidagi tafovut minimal. Vakillar palatasida respublikachilar yetakchisi Kevin Makkarti optimist va uning partiyasi Vakillar palatasini qayta qoʻlga kiritishini allaqachon eʼlon qilgan boʻlsada uning raqibi, demokrat va quyi palata spikeri Nensi Pelosi hozircha magʻlubiyatni tan olmagan.
Gʻolibni aniqlash uchun ikkinchi tur talab qilinishi mumkin
Joriy vaziyatga koʻra koʻpchilik oʻrinni va yuqori palata ustidan nazoratni taʼminlash uchun respublikachilarga mavjud boʻlgan mandatlardan tashqari faqat bitta mandat olish kifoya edi.
Ammo dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, ular, aksincha, bir oʻrinni boy berishdi. Pensilvaniya shtatida demokrat nomzod Jon Fetterman isteʼfoga ketgan respublikachi senator Pet Tumi oʻrniga gʻolib chiqdi. Unga taniqli kardiojarroh va teleboshlovchi Mehmet Oz raqiblik qildi. Mehmet birinchi musulmon senator boʻlishi mumkin edi, biroq Fettermanga imkoniyatni boy berdi.

Senatdagi 35 oʻrindan 4 tasining taqdiri hali aniqlanmagan. Demokratlar palata ustidan nazoratni saqlab qolishi shunga bogʻliq. Pensilvaniyadagi magʻlubiyatdan keyin respublikachilar demokratlardan ikki oʻrinni tortib olishi kerak boʻlmoqda. Ayniqsa, Jorjiya shtatida vaziyat keskin: respublikachi Hershel Uoker va amaldagi demokrat senator Rafael Uornok oʻrtasidagi tafovut juda minimal. Shu bois saylovning ikkinchi turi oʻtkazilishi mumkin.
AQSH Kongressiga oraliq saylovlarning aksariyatida amaldagi prezidentning partiyasi yutqazgan
AQSHning amaldagi prezidentining partiyasi deyarli har doim prezidentlik muddati oʻrtalariga toʻgʻri keladigan oraliq saylovlarda Vakillar palatasidagi oʻrinlarni yoʻqotgan.
Bu holat Ikkinchi jahon urushidan beri oʻtkazilgan 19 oraliq saylovning 17 tasida sodir boʻldi. Shu bois tahlilchilar ham Bayden maʼmuriyati kamdan-kam omadlilar qatoriga kirishiga ishonmayapti.
Vaziyat, ovoz berishdan oldin demokratlar Kongressda sezilarli koʻpchilikka ega boʻlmagani bilan murakkablashdi. Senatda ular 100 oʻrindan 50 tasiga ega, qoʻshimcha ravishda Kongressning yuqori palatasini boshqaradigan va demokratlarga koʻpchilikni beradigan vitse-prezident Kamala Xarris bor.
Shu bilan birga, saylovning yakuniy natijalari bir necha kun yoki hatto haftalardan keyin maʼlum boʻlishi mumkin: bu saylov byulletenlarini sanash davomiyligi va alohida shtatlarda saylov oʻtkazish bilan bogʻliq.
Respublikachilar va demokratlar vakillari oʻrtasidagi asosiy kurash oltita shtatda boʻlib oʻtdi
Kongress uchun asosiy kurash Arizona, Jorjiya, Michigan, Nevada, Pensilvaniya va Viskonsinda boʻlib oʻtdi. Bu shtatlarda nomzodlar oʻrtasidagi tafovut juda minimal. 2020-yilgi saylovda Bayden ushbu shtatlarning beshtasida saylovchilarni Demokratik tomonga tortishga muvaffaq boʻlgan. Bu safar respublikachilar oʻrinlarning bir qismini qaytarib olishlari mumkin.

Bu saylovda amerikaliklar nafaqat kongressmenlar, balki shtat gubernatorlari, mahalliy qonun chiqaruvchi organlar aʼzolari va bosh prokurorlar va davlat kotiblari kabi boshqa muhim amaldorlar uchun ham ovoz berishi kerak boʻladi. Bundan tashqari, bir qator shtatlarda abort qilish huquqini tartibga solish va marixuanani qonuniylashtirish boʻyicha referendumlar oʻtkaziladi.
Kongressning ikkala palatasining boy berilishi Bayden maʼmuriyati ishini jiddiy ravishda murakkablashtiradi
Soʻnggi ikki yil davomida demokratlar ikkala palatada ham koʻpchilikka ega boʻlib, partiyaga prezident Jo Baydenning aksariyat tashabbuslarini hech qanday toʻsiqsiz amalga oshirishga imkon berdi.
Oraliq muddatli saylovlardagi magʻlubiyat Oval xonada (Prezident kabineti) qolgan ikki yilni ancha murakkablashtiradi. Buni Baydenning oʻzi ham tan olgan. "Agar biz Vakillar palatasi va Senatni yoʻqotsak, bu dahshatli ikki yil boʻladi", degan u oʻtgan hafta Chikagodagi tadbirda. Biroq, ommaviy ravishda Bayden yanada optimistik prognozlar bilan oʻrtoqlashgan: u demokratlarning Senatda gʻalaba qozonish qobiliyatiga ishonch bildirgan, ammo Vakillar palatasiga saylovlar bilan bogʻliq qiyinchiliklarni ham tan olgan.
Hatto bitta palatada koʻpchilikni yoʻqotish Bayden maʼmuriyatiga qattiq taʼsir qiladi. Respublikachi kongressmenlar Oq uyning har qanday tashabbuslariga har tomonlama toʻsqinlik qiladilar va sud va nazorat qoʻmitalaridagi rahbarlik lavozimlarini egallab, Bayden maʼmuriyati va prezidentning oʻgʻli Xanterga qarshi tergov boshlashlari mumkin.
Agar Kongressning ikkala palatasi ham “qizil” (respublikachilarning rangiga ishora qilinmoqda — tahr.) boʻlib qolsa, respublikachilar oʻz qonun loyihalarini qabul qilishlari, Baydenning Oliy sudga nomzodlarini bloklashlari va sobiq prezident Donald Trampga qarshi sud jarayonining oldini olishlari mumkin boʻladi.
Respublikachilarning kuchli gʻalabasi ularning nomzodini 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonishi uchun zamin yaratishi mumkin. Eng aniq daʼvogar Tramp 15-noyabr kuni boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlardan koʻp oʻtmay, eng yuqori lavozimga yana oʻz nomzodini qoʻyish niyatini eʼlon qilishi kutilmoqda.
Respublikachilar gʻalaba qozonishsa, menga impichment eʼlon qilishadi — Jo Bayden
Oldinroq AQSH prezidenti Jo Bayden oraliq Kongress saylovlarida Respublikachilar partiyasi gʻalaba qozonsa, unga impichment eʼlon qilishini tan olgan edi. Amerika yetakchisi bu haqda San-Diyego shahrida boʻlib oʻtgan demokratlar mitingida aytib oʻtdi.

"Ular menga agar [Respublikachilar] Vakillar palatasi va Senatni qaytarib olsalar, menga impichment eʼlon qilishlarini aytishgan. Ammo nima uchun meni impichment qilishlarini bilmayman", degan edi Bayden oʻshanda.
Avgust oyi oxirida "The Hill" gazetasi ham respublikachilar noyabr oyida AQSH Kongressga oraliq saylovlardan keyin Baydenga impichment eʼlon qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Material mualliflarining taʼkidlashicha, bir qator konservatorlar prezidentga qarshi impichment moddalarini joriy Kongressga taqdim etishgan. Ular Baydenni chegara nazorati, koronavirus pandemiyasi va AQSH qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqib ketilishi kabi qator masalalarga yondashuvida "ogʻir jinoyatlar" sodir etganlikda ayblamoqda.
AQSH Kongressi Vakillar palatasining respublikachi aʼzosi Marjori Teylor Grin esa avvalroq AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampning uyida tintuv oʻtkazilgani sababli Baydenga impichment eʼlon qilishga chaqirgan edi. Respublikachi senator Ted Kruz esa bir vaqtning oʻzida Baydenning impichmenti uchun "koʻp asoslar" boʻlishini doimiy ravishda taʼkidlaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring