AQSH elchisi Navoiyga tashrif buyurdi
AQSHning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida elchi dastlab “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishdi. Darvoqe, bugun mazkur hududda 70 ta qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatib, ularda uyali aloqa telefonlari, raqamli telequrilmalar, elektrotexnika, avtomobilsozlik uchun butlovchi buyumlar, elektr kabellari, polietilen quvurlar, gigiyenik vositalari ishlab chiqarilmoqda.
Shundan soʻng Deniyel Rozenblyum janoblari Navoiy viloyat hokimi Q.Tursunov tomonidan qabul qilinib, oʻzaro muloqotda viloyat hokimi Navoiy viloyatining iqtisodiy salohiyati, boy tarixi xususida atroflicha toʻxtaldi. Chunonchi, Respublika Prezidenti tashabbusi bilan Navoiy viloyatiga erkin iqtisodiy hudud maqomi berilgani va bugun uning hududida 200 dan ortiq qoʻshma korxona faoliyat yuritayotgani, shuningdek xorijiy hamkorlarning hududning investitsiyaviy jozibadorligiga tobora qiziqishi ortib borayotgani xususida maʼlumotlar berildi. Viloyat hokimi 2017-yil bilan joriy yilgi koʻrsatkichlarni taqqoslar ekan, oʻtgan davr mobaynida viloyatda investitsiyalar hajmi 13 barobarga oshganini eʼtirof etdi.
Ayniqsa, joriy yilda Navoiy viloyati 2 ta yirik xalqaro biznes forumga mezbonlik qilgani, taqdimotlar jarayonida qator qoʻshma kelishuvlarga erishilgani taʼkidlandi. Jumladan, mazkur biznes anjumanlar samarasida viloyatning Zarafshon shahri hamda AQshning Missisipi shtati Klinton shahri oʻrtasida birodarlik rishtalari bogʻlanib, ikki salohiyatli shahar oʻzaro birodarlashgan shaharlar maqomini oldi.
Shuningdek, viloyat hokimi AQSH elchisiga Oʻzbekistondagi muhim siyosiy jarayon - saylovlar va unga “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida puxta hozirlik koʻrilayotgani xususida maʼlumot berdi.

Muloqotlarda viloyat hokimi ikki davlat hamkorligini mustahkamlashda elchilarning xizmati juda muhim ekanini taʼkidladi. Oʻz navbatida AQSH elchisi Oʻzbekistonda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish mamlakatning yalpi ichki mahsulotini oshirish hamda aholi bandligini taʼminlashga xizmat qilayotganiga eʼtibor qaratdi.
Janob Deniyel Rozenblyum tashrif davomida Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Q.Sanaqulov bilan ham uchrashdi. Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida joylashgan kombinat tarixi muzeyida tashkil etilgan uchrashuvda yirik sanoat korxonasining tarixi va salohiyati, istiqboldagi rejalari, yirik loyihalari xususida batafsil maʼlumot berildi. Muzeydagi noyob eksponatlar bilan tanishdi.
AQSHning mamlakatimizdagi elchisi mazkur tashrif doirasida Markaziy saylov komissiyasining Navoiy viloyat boʻlimi va Xalqaro matbuot markazi Navoiy viloyati boʻlimi faoliyati bilan ham tanishdi.
– Men Oʻzbekistonning turli viloyatlariga tashrif buyuraman. Bu safar oʻziga xos, yuqori iqtisodiy salohiyatga ega Navoiy viloyatiga tashrifim davomida hududdagi oʻzgarishlarni koʻrishni maqsad qilgan edim, va buni koʻrdim, – deydi AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum. – Viloyat hokimi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi rahbariyati bilan uchrashib, haqiqatan ham Navoiy viloyatining iqtisodiy jihatdan mamlakatning yetakchi hududi ekaniga amin boʻldim. Muloqotlar davomida AQSH kompaniyalarini bu yerga jalb qilish xususida fikr yuritdik. Albatta, men elchi sifatida ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash tarafdoriman
Tashrif davomida elchi janoblari viloyatning Navbahor tumanidagi qadimiy “Sarmishsoy” darasi va mazkur hududdagi qoya toshlardagi petrogliflar tomosha qildi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring