Aql koʻpga yetkazar, ilm — koʻkka
Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”
“Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari bosh muharririning Iqtisod va marketing masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining faxriy professori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Akrom Hoshimov Xalqaro axborotlashtirish akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga saylandi.
Mazkur akademiya jamiyatni axborotlashtirish va yagona jahon axborot hamjamiyatini tashkil etish istagida boʻlgan hamfikrlarning oʻzini oʻzi boshqaradigan jamoat birlashmasi hisoblanadi. Akademiyaning maqsadlari jahon hamjamiyatining axborot madaniyatini oshirish, bu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash, xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlarida mutaxassislarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ishlab chiqarish, ilmiy, oʻquv-metodik, axborot-tahliliy adabiyotlar, gazeta va jurnallarni nashr etishdan iborat.
Xalqimizda “Aql koʻpga yetkazar, ilm — koʻkka”, degan maqol bejiz aytilmagan. Igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli kasbning etagidan tutgan inson borki, el-yurt oldida hamisha yuzi yorugʻ, martabasi ulugʻdir. Bu haqiqatni Akrom Hoshimov oʻz hayoti va faoliyati misolida isbotlab kelmoqda. Uning muallifligida 2 ta monografiya, 3 ta oʻquv-qoʻllanma hamda 2 ta darslik chop qilingan. Shuningdek, olim AQSH, Rossiya, Yaponiya, Malayziya, Chexiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya kabi dunyoning qator davlatlarida boʻlib, oʻz mutaxassisligi boʻyicha tajriba va malakasini oshirgan. Uning ilmiy rahbarligida 2 nafar iqtisodiyot fanlari nomzodi, 1 nafar iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), 1 nafar iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) yetishib chiqqan.
Akrom Hoshimov bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash va uning qoshidagi Ilmiy seminar hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash va uning qoshidagi Ilmiy seminar aʼzosidir.
Ilm-fan, maʼrifat fidoyisi, jonkuyar olimning Xalqaro axborotlashtirish akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga saylangani oila aʼzolari, yaqinlari qatori butun tahririyatimiz jamoasini ham benihoya xursand qildi. Olimni hayotidagi yana bir muvaffaqiyat bilan tabriklab, kelgusi ilmiy-ijodiy faoliyatida yangi ufqlar yor boʻlishini tilaymiz.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring