“Apple” bir kunda 180 milliard dollar yoʻqotdi. Bu Amerika biznesi tarixida rekord koʻrsatkich
Illyustrativ foto
AQSHning “Apple” kompaniyasining kapitallashuvi 3-sentyabrdagi savdolar oxirida 8 foizga kamaygan.
“Barronʼs” maʼlumotiga koʻra, bu Amerika biznesi tarixidagi har qanday kompaniya uchun rekord darajadagi kunlik zararni anglatadi.
Qayd etilishicha, bir kunlik yoʻqotish 180 milliard dollarni tashkil etganiga qaramay, kompaniya kapitallashuvi hamon 2 trillion dollardan ancha yuqori.
Avvalgi rekord 2018-yilning 26-iyulida “Faceboook” tomonidan oʻrnatilgan boʻlib, oʻshanda “Cambridge Analytica” xususiy kompaniyasi bilan boʻlgan mojaro fonida moliyaviy koʻrsatkichlarning salbiy prognozlari tufayli kompaniyaning bir sessiyadagi bozor qiymati 119 milliard dollarga (19 foiz) kamaygan edi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilning mart oyida saylov kampaniyasi davomida AQSH prezidenti Donald Tramp bilan hamkorlik qilgan “Cambridge Analytica” kompaniyasining saylovchilarning siyosiy afzalliklarini tahlil qilish algoritmini ishlab chiqish uchun 50 milliondan ortiq “Faceboook” foydalanuvchilarining maʼlumotlarini noqonuniy ravishda yigʻgani maʼlum boʻlgan.
Shundan soʻng ijtimoiy tarmoq asoschisi Mark Sukerberg AQSH Kongressi va Yevropa parlamentida xatoni tan olib, voqea uchun uzr soʻragandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring