Anvar choʻponning qizi chempion boʻlibdi...
Foto: Халқ сўзи
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani “Omontepa” MFYga qarashli Toʻraqul qishlogʻida yashovchi odamlarning shu kunlarda ogʻzida bir gap: oddiy choʻponning qizi jahon chempioni boʻlganmish... Taekvando boʻyicha qora belbogʻ sohibi ekan. Belarusga borib, kumush medal bilan qaytibdi.
Anvar choʻpon bagʻrikeng yigit emasmi, orqavoratdan eshitgan bu gaplarga parvo ham qilmaydi, miyigʻidan kulib qoʻyadi, xolos. Faqat bir narsani eslasa, negadir beixtiyor kipriklari orasida yosh xalqalanadi. Bunga ancha yillar boʻlgan. Uchinchi qizi dunyoga kelganida “Shunisi oʻgʻil boʻlmadi-da” degandi. Shunda katta qizi – Shahzoda boʻynidan quchoqlab, “Men sizga oʻgʻil boʻlaman, oʻn oʻgʻil oʻrnini bosaman” deb aytgan edi. Endilikda Shahzoda Xudoyqulova sportda har gal gʻalabaga erishganida qizining shu gapi yodiga tushadi.
Anvar Mavlonov va Hanifa Berdiyeva 2021-yilning dekabr oyida qizining Minsk shahrida oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon kubogida erishgan muvaffaqiyatidan gʻururlanib, “Qizimiz oʻn oʻgʻil oʻrnini bosadi” deyishdi. Bu haqida Shahzodaning oʻzidan soʻradik. U oldiga qoʻygan maqsadlari haqida gapirib berdi:
— Men dadamning oʻgʻlim yoʻq, deb oʻksinishini istamayman, har gal jangda qoʻlim baland kelganida gʻalabamni dadamga bagʻishlayman, — deydi u. — Yurt bayrogʻini yanada balandlarga koʻtarish orzuimdir.
Shahzoda ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qashqadaryo akademik litseyida tahsil olmoqda. Bu litseyga u 2021-yilda Oʻzbekison chempioni boʻlgani uchun imtiyozli tarzda qabul qilingan.
— Shogirdingizdagi qaysi fazilatlarni qadrlaysiz? — soʻraymiz Shahzodaning ustozi Shohruh Choriyevdan.
— U Qarshi tumanidagi 23-maktabning 5-sinfida oʻqib yurgan kezlarida tumandagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabida taekvando boʻyicha toʻgaragimda shugʻullangan. Undagi iqtidorni payqab, Toshkentda oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqaga olib borgan edim. Shahzoda 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Shundan soʻng u viloyat terma jamoasi safiga qabul qilindi, keyinchalik bir necha bor “Oʻzbekiston chempioni” degan sharafli nomga sazavor boʻldi. Unda gʻalabaga intilish kuchli. Eng muhim jihati esa hamisha raqibini hurmat qiladi. Shuning uchun ham u biror marta ham katta ochko bilan magʻlub boʻlmagan. Belarusda oʻtgan final bellashuvida tojikistonlik raqibasidan bir ochkoga ortda qolgan, xolos. Men Shahzodaning kelgusida jahon arenalarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonaman.
Shahzodaning onasi Hanifa opa qizining birorta jangini ham kuzatmagan. Koʻra olmaydiyam. Ona uchun jigargoʻshasining sportdagi raqibidan kaltak yeyishini koʻrish qanchalik azob axir. Bu haqida Hanifa opa shunday deydi:
— Hatto qizim Belarusga ketishini menga aytgani yoʻq. Chunki u biladi, men ketishiga yoʻl qoʻymayman-da. Bolam, mayli chempion boʻlma, koʻz oʻngimda tur, kerak emas oʻsha medallar, deyman. Lekin yurt sharafini himoya qilib, jahon chempioni boʻlib qaytganidan baribir quvondim.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring