Andijondagi aeroport nega yopildi?
Andijon xalqaro aeroporti direktori Saydullo Toʻxtasinov joriy yil 27 oktyabrdan Andijon orqali amalga oshiriladigan barcha parvozlar bekor qilingani boʻyicha vaziyatga izoh berib oʻtdi.
“Internetda tarqalgan xabarlar mish-mishdan boshqa narsa emas. Aeroport faoliyatini rasman toʻxtatgani yoʻq. Ishlayapmiz. Barcha xodimlar ish haqi olishyapti. Ammo aeroport bugungi talablarga javob bermaydi. Aerovokzal majmuasining barpo etilganiga 40 yil boʻldi. Uchish-qoʻnish yoʻlagi oxirgi marta 1980 yilda, perron 1985 yilda taʼmirlangan. “Oʻzbekiston havo yoʻllari“ milliy aviakompaniyasi tomonidan xarid qilinayotgan zamonaviy samolyotlarni qabul qilishimiz uchun aeroport jahon standartlariga javob berishi zarur. Mana shu sabablardan kelib chiqib, aeroportni kompleks taʼmirlash masalasi kun tartibiga qoʻyilmoqda. Aviakompaniya maʼmuriyati esa reyslar toʻxtatilganligi yuzasidan hozircha rasmiy xabar bermadi.
Taʼmirlash ishlarini mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirishning imkoni yoʻq. Taxminan 350 milliard soʻmga yaqin mablagʻ zarur. Shuning uchun bu masalani Vazirlar Mahkamasi hal qiladi. Viloyat hokimligi bilan kelishgan holda takliflarimizni berdik. Natijasini kutyapmiz.
Taʼmirlash ishlari ketayotgan vaqtda aeroportda ishlaydigan 240 kishidan Fargʻona va Namangan aeroportlariga 10 nafardan mutaxassisni vaqtincha ishga yuborishimiz mumkin. Qolgan xodimlar esa oʻz hisobidan taʼtil olishlariga toʻgʻri keladi”, deya gapirib oʻtgan Toʻxtasinov “Andijonnoma” nashriga bergan intervyusida.
Maʼlumot uchun, Andijon xalqaro aeroporti shu kungacha haftasiga Toshkentga ikkita, Moskvaga ikkita, Sankt-Peterburgga bitta reysni amalga oshirib kelgan. Yiliga oʻrtacha 35 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan. Kelgusida yillik yoʻlovchilarning oʻrtacha sonini 50 mingga yetkazish koʻzda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring