Andijonda suyultirilgan gaz maxsus ID-kartalar orqali yetkazib berilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
“Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali tomonidan Andijon viloyati boʻyicha isteʼmolchilarning gaz ballonlar bilan taʼminlanganlik darajasi 134 foizga yetkazildi. Shuningdek, joriy yilda 4 ming 310 nafar isteʼmolchiga yangi maishiy gaz ballonlari foydalanish uchun topshirildi. Ayni paytda viloyatdagi 473 ming 588 nafar isteʼmolchiga 635 ming 138 dona maishiy gaz ballonlari orqali suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
— Viloyatda suyultirilgan gaz isteʼmolchilarini kuz-qish mavsumida bir maromda “zangori” yoqilgʻi bilan taʼminlash maqsadida barcha gaz toʻldirish shoxobchalarida tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazildi, — deydi filial axborot xizmati rahbari Akmaljon Holiqov. —Jumladan, “Asaka”, “Shahrixon” va “Qoʻrgʻontepa” gaz toʻldirish shoxobchalarida qoʻshimcha gaz quyish jihozlari oʻrnatildi va bugungi kunda maishiy gaz ballonlariga gaz toʻldirish 30 foizgacha tezlashdi. Har bir shoxobchaga kuzatuv kameralari oʻrnatilib, suyultirilgan gazni adolatli taqsimlash va yetkazib berish maqsadida oʻlchov tarozilari orqali ishlash tartibi yoʻlga qoʻyildi.
Sohada raqamlashtirish borasidagi islohotlarning “E-Gaz” dasturi toʻla tatbiq etildi hamda taʼminotchi va isteʼmolchi orasidagi munosabatlar onlayn rejimda tashkil etilishiga erishilmoqda. Isteʼmolchilarga gaz yetkazib berish naqd pulsiz shaklga oʻtkazildi. Hozirda 473 mingdan ortiq isteʼmolchilar maxsus ID-kartalar bilan taʼminlangan. Isteʼmolchi va dastur orasidagi masofaviy bogʻlanish, toʻlovlarni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikka erishilyapti.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring