Andijonda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarining savdosi bilan bogʻliq holat fosh etildi
Andijon viloyatida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarining savdosi bilan bogʻliq holat fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Departamentning Asaka tumani boʻlimi hamda Ichki ishlar boʻlimi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida yakka tartibdagi tadbirkor “U.Yu.” oʻz yashash manzili — “Qadriyat” mahallasi hududida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan, alkogol mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelayotgani aniqlangan.
Tekshiruv jarayonida uning xonadonidan 934 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari topilgan va ashyoviy dalil sifatida olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni tarqatish) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Ayni vaqtda mazkur jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda. Tezkor tadbir natijalari va tergov davomida aniqlangan qoʻshimcha maʼlumotlar yuzasidan qonuniy choralar koʻrilishi belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring