Andijonda xizmat vaqtida halok boʻlgan profilaktika inspektori “Jasorat” medali bilan taqdirlandi
Foto: Andijon viloyati hokimligi
Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani “Yuksalish” mahallasidagi xonadonda yuz bergan janjalni bartaraf etish chogʻida 65 yoshli mast fuqaro tomonidan oʻldirilgan profilaktika inspektori, katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev Prezident farmoniga asosan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi xabar xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bugun, 8-iyul kuni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi mutasaddilar oʻz xizmat vazifasini oʻtayotgan vaqtda halok boʻlgan, profilaktika inspektori katta leytenant Abdurasul Abduvaliyevning oila aʼzolari bilan uchrashgan.
Viloyat rahbari marhumning onasiga hamdardligini bildirib, “Jasorat” medalini unga topshirgan.
Uchrashuv davomida qahramonning yuksak fazilatlari, xizmat davridagi shijoati va mardligi yodga olingan. Shuningdek, Vatan tinchligi yoʻlida qilgan xizmatlari hech qachon unutilmasligi, doim eʼtibor va eʼzozda boʻlishi taʼkidlangan.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 1-iyul kuni Andijon viloyati Xoʻjaobod tumani “Yuksalish” mahallasida xizmat burchini bajarayotgan hudud profilaktika inspektori, katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev mast holatdagi 65 yoshli fuqaro tomonidan pichoqlab oʻldirilgani, gumondor voqea joyidan yashiringani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxs Yu.Xolbozorov joriy yil 4-iyul kuni soat taxminan 06:30 larda Xoʻjaobod tumanidagi “Yuksalish” mahallasida joylashgan “Soʻqoloq” qabristonidagi makkajoʻxori maydonida yashirinib yotgan holatda aniqlangan.
Uning qoʻlga olinishi davomida u oʻzining qorin qismiga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Shundan soʻng unga tez tibbiy yordam koʻrsatilgan va shifoxonaga yetkazilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi (huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimiga nisbatan qasddan odam oʻldirish) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring