Andijonda fuqaro IIBdagi qiynoqdan soʻng vafot etgach, 5 kishi ishdan olindi, 19 kishi jazolandi

17:58 14 Iyun 2020 Jamiyat
3412 0

Ichki ishlar vazirligi Andijondagi voqealar boʻyicha rasmiy bayonot berdi.

Unda qayd etilishicha, joriy yilning 30-may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan, ish yurituvidagi ariza yuzasidan ichki ishlar boʻlimiga olib kelingan fuqaro A. Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan va vrachlar tomonidan koʻzdan kechirish davomida uning badanida ogʻir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan. Unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam koʻrsatilgan boʻlishiga qaramasdan, A. Abdukarimov 11-iyun kuni vafot etgan.

Hozirda jinoyat ishi boʻyicha prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilganligi, hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi tergov jarayonida oʻrganiladi.

Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan zudlik bilan xizmat tekshiruvi tayinlanib, oʻtkazilgan tekshiruv xulosasiga koʻra, fuqaro A.Abdukarimovning ichki ishlar boʻlimida noqonuniy ushlab turilganligi va boshqa noqonuniy holatlar boʻyicha bir qator xodimlarga nisbatan keskin intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.

Xususan, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar boʻlimi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Xusanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirovlar ichki ishlar organlaridan boʻshatilgan. Andijon shahar IIO FMB boshligʻi podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar boʻlimi boshligʻi podpolkovnik P.Mamajonovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimlarga turli koʻrinishdagi qatʼiy intizomiy tartibdagi jazolar qoʻllanilgan.

Inson huquqlarini himoya qilishdek muqaddas burchiga xiyonat qilgan hech bir xodim kechirilmaydi. Yuzaga kelgan mazkur holat boʻyicha vakolatli organlar tomonidan adolatli tergov-surishtiruv ishlari amalga oshiriladi hamda qonun ustuvorligi va jinoyatga jazo muqarrarligi taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер