Andijonda deputat bilan bogʻliq voqeaga hokimlik munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining 2021-yil 17-may kuni boʻlib oʻtgan sessiyasida yuz bergan holatlar keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Xabarlarda bayon etilishicha, ushbu sessiyasida xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi ayrim deputatlarining daxlsizlik huquqiga rioya qilinmaganligi qayd etilgan. Jumladan, Andijon shahar Kengashi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish boʻyicha prokuror taqdimnomasi dastlab “Reglament va deputatlik odobi” masalalari boʻyicha doimiy komissiyada koʻrib chiqilmasdan sessiya kun tartibiga kiritilganligi, sessiya materiallari deputatlarga tanishib chiqish uchun oldindan taqdim etilmaganligi, sessiya ochiq oshkora oʻtkazilmaganligi toʻgʻrisida maʼlum qilingan.
Holat yuzasidan Andijon shahar hokimligi Matbuot xizmati munosabat bildirdi. Unda bayon etilishicha, “Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashiga 06.05.2021-yil kuni Andijon shahar prokuraturasining 16-21195/21-sonli sonli «Deputatning daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida”gi taqdimnomasi yuborilgan.
Aniqlanishicha, Andijon shahar IIOFMB huzuridagi Tergov boʻlimi ish yurituvida “ALLIANCE ROAD CONSTRUCTION” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan 31.03.2021-yil kuni Oʻzbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi 1-qismi va 229-moddasi bilan qoʻzgʻatilgan 034012/2021-45IQ-sonli jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi koʻrsatilgan.
Jinoyat ishi hujjatlariga koʻra, Andijon shahrida roʻyxatdan oʻtgan “ALLIANCE ROAD CONSTRUCTION” MCHJga Andijon shahar hokimining 15.07.2017-yildagi 656-k sonli qarori bilan Andijon shahar Boʻston dahasi U.Yusupov koʻchasi boʻyida joylashgan 4,0 gektar yer maydoni koʻp qavatli aholi turar joy binolari, kotej tipidagi turar-joylar, savdo va xizmat koʻrsatish shahobchalari, issiqxonalar, umumiy ovqatlanish va choyxona binolari hamda mevali bogʻ obyektlarini qurish uchun ajratilgan.
Qarorning 3-bandida “ALLIANCE ROAD CONSTRUCTION” MCHJ taʼsischisi Sh.A.Karimov zimmasiga quyidagilar yuklatilgan;
- meʼmoriy rejalashtirish topshirigʻi tayyorlatish uchun buyurtma berish;
- loyiha hujjatlarini tayyorlashga buyurtma berish;
- loyihani shahar bosh arxitektori tasdigʻidan oʻtkazish;
- loyihaga viloyat qurilish davlat ekspertiza xulosasini olish;
-loyixani davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasidan roʻyxatdan oʻtkazish va qurilish ishlarini boshlashga ruxsat olish;
-shahar sanitariya epidemiologiya nazorati markazi, yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlinmasi va tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi bilan kelishish;
-«Oʻzshaharsozlik LITI» DUK bilan kelishish;
-qurilish soʻngida qabul komissiyasiga topshirib, faoliyat koʻrsatish uchun ruxsat olish;
-ajratilgan yer maydoni atrofidagi elektr himoya hududlarini koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish vazifalari yuklatilgan boʻlsada, meyoriy talablarga umuman rioya qilmasdan oʻzboshimchalik bilan qurilish ishlarini amalga oshirib, yer uchastkasi va shaharsozlikka oid qonunlar va meʼyoriy hujjatlar talabiga butunlay zid ravishda ish olib borgan.
Shu bilan birga qurilish ishlarini loyihalash va ruxsatnomalar olish uchun asos hisoblanadigan “Arxitektura meʼmoriy rejalashtirish topshirigʻi”ni soxtalashtirib, hokim qarorida koʻrsatilgan 4,0 gektarga qoʻshimcha ravishda 6,0 gektar jami 10,0 gektar yer maydoniga qalbaki ravishda topografik chizma tayyorlashga erishgan.
Shahar hokimligi huzuridagi doimiy ishlovchi komissiyasi tomonidan oʻrganilganda oʻzboshimchalik bilan noqonuniy ravishda egallab olingan 6,0 gektar yer maydonining 1,26 gektar qismida Aholi punktlarini kompleks qurilishini nazorat qilish Andijon shahar komissiyasi tomonidan bir necha bor ogohlantirishlar berilishiga qaramasdan 9 ta har birining oʻlchami 400,0 kv.metrdan iborat yer uchastkalarida qurilish ishlarni amalga oshirib, 2 tasida qurilish ishlari deyarli yakunlangan va 7 tasida beton poydevorlar qurilgan.
Bundan tashqari oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, noqonuniy qurilish qilingan 0.36 gektar yer maydonini Vazirlar Mahkamasining 20.12.2019-yilgi 1023-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga asosan elektron auksion savdolarida sotish imkoniyati yoʻqotilgan va davlat byudjetiga kamida 190.8 mln soʻm (auksionda boshlangʻich narxi) miqdorda zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Andijon shahar hokimligi huzurida tashkil etilgan yerga oid qonunchilik ijrosini oʻrganish, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlarini aniqlash va noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish yuzasidan maxsus komissiyaning 06.05.2021-yilgi yigʻilish qarori bilan “ALLIANCE ROAD CONSTRUCTION” MCHJ tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallangan yer maydoni va noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish yuzasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon tumanlararo sudiga daʼvo ariza bilan murojaat etish belgilangan va 07.05.2021-yil kuni sudga daʼvo arizasi kiritilgan.
Tergov harakatlari davomida “ALLIANCE ROAD CONSTRUCTION” MCHJning taʼsischisi Sh.Karimov ekanligi va u Andijon shahar Xalq deputatlari kengashi deputati ekanligi aniqlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Xalq deputatlari viloyat, shahar, tuman Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasiga asosan deputat Sh.Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masalani qonunda belgilangan 10 kunlik muddat ichida koʻrib chiqishini va qabul qilingan qaror haqida shahar prokuraturasiga darhol maʼlum qilishlik belgilangan.
Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining 02.12.2004-yildagi “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi 706-II-sonli Qonunining 2-bob “Deputatlarning huquqlari va majburiyatlari”, 5-moddasi “Deputatning huquqlari”dan foydalangan holda qonuniy toʻxtamga kelishlik hamda natijasi haqida Andijon shahar prokuraturasiga maʼlum qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining 02.12.2004-yildagi “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi 706-II-sonli Qonunining 11-moddasi “Deputatning daxlsizlik huquqi” 3-qismida «Deputat tegishli xalq deputatlari Kengashida ovoz berish chogʻida fikr bildirganligi yoki nuqtayi nazarini bayon etganligi uchun hamda oʻz vakolatlarini amalga oshirishi bilan bogʻliq boshqa harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas, shu jumladan, vakolatlari muddati tugaganidan keyin ham javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Agar shunday xatti-harakatlar munosabati bilan deputat haqorat qilishga, tuhmat qilishga yoki qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda tutilgan boshqa qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻygan boʻlsa, u daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan taqdirda javobgarlikka tortilishi belgilangan.
Mazkur Qonunning 12-moddasi “Deputat daxlsizlik huquqidan mahrum qilish tartibi” belgilangan boʻlib;
1-bandida deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala tegishincha viloyat, tuman, shahar prokurorining yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan xalq deputatlari Kengashi tomonidan 10 kun ichida hal etiladi (komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi nazarda tutilmagan);
3-bandida deputatni jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga rozilik olish toʻgʻrisidagi prokuror taqdimnomasi tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi;
4-bandida Xalq deputatlari Kengashining deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik berish masalasiga doir qarori darhol tegishli prokurorga yuborilishi;
5-bandida deputatning daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga rozilik olgan prokuror ish yuritish tamomlangan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida tegishli xalq deputatlari Kengashiga ishni tergov qilish, sudda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida xabar qilishi shart deb qatʼiy belgilangan.
Yuqoridagilarga koʻra, mazkur holat yuzasidan 20.04.2021-yil kuni 13 nafar komissiya aʼzolaridan iborat ishchi guruh tuzilib, 06.05.2021-yil kuni va Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining 7 ta doimiy komissiyalari raislari ishtirokida joriy yilning 11-may kuni yigʻilishda muhokama qilingan.
Shundan soʻng 11.05.2021-yil kuni 113-k sonli qaror qabul qilinib, sessiya kun tartibiga Andijon shahar prokuraturasining taqdimnomasi muhokamasi va sessiya oʻtkazish kuni 17.05.2021-yil kuni soat 16.00 ga deb belgilanib, Kengash deputatlariga sessiyada koʻrilishi lozim boʻlgan Taqdimnoma haqida maʼlumotlar taqdim etilgan.
Joriy yilning 17-may kuni oʻtkazilgan VI-chaqiriq Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining 20-sessiyasi ochiq deb eʼlon qilingan va 30 nafar Deputatlardan 26 nafari sessisiyada ishtiroki taʼminlangan (2 nafari kasal,
2 nafari xizmat safarida) va Andijon shahar prokuraturasining 06.05.2021-yil kungi “Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida”gi 16-21195/21-sonli taqdimnomasi Andijon shahar prokurori oʻrinbosari S.Mamajonov tomonidan oʻqib eshittirilgan hamda 21 nafar deputatlar rozilik bildirib, 4 nafari qarshi va 1 nafari betaraf qolgan hamda Taqdimnoma qanoatlantirilgan.
VI chaqiriq Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining 20-sessiyasida “Deputatning daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida”gi masalani koʻrib chiqishdan oldin Kengash tomonidan sessiyada mobil telefonlar va kameralardan foydalanmaslik yuzasidan kelishib olingan hamda bu boʻyicha sessiya ishtirokchilari ogohlantirilgan edi.
Bundan koʻzlangan maqsad, aybliligi isbotlanmasdan turib, deputatning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish va tasdiqlanmagan maʼlumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketishini oldini olish boʻlgan.
Shu sababli mazkur sessiyada deputatlardan mobil telefon va kameralarni tashqarida qoldirish hamda majlis zaliga telefonini olib kirgan deputatlardan uni huquq-tartibot idoralari xodimlariga topshirish soʻralgan».
Aytish joiz, mazkur holat Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga koʻmaklashuvchi komissiyasi tomonidan nazoratga olinib, oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
“Xalq soʻzi” oʻrganish natijalarini kuzatishda davom etadi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring