Andijon viloyatida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash 86,9 foizga yetdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Oddiy bir misol, bundan atigi besh-olti yil muqaddam Andijon viloyatida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 67 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib bu koʻrsatkich 86,9 foizga yetdi, degan maʼlumot qoʻlimizga tushib qoldi. Oshirib, toshirib yozishlardan bezib qolganmizda, shuning uchun mutasaddilar va aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotda boʻldik.
— 2017-2022-yillar “Andijon suv taʼminoti” MCHJ uchun eng shiddatli davrga aylandi,—deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ direktori Shuhratbek Matmusayev. —Sababi, mana shu yillar davomida barcha manbalar hisobidan 917 milliard soʻm mablagʻ hisobiga 3 ming 961 kilometr ichimlik suv tarmogʻi tortilib, 814 ta suv inshootida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida 588 ming nafar hamyurtimiz ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlangan boʻlsa, 986 ming nafar aholiga xizmat koʻrsatish sifati yaxshilandi.
Marhamat tumani bundan atigi 6 yil muqaddam, nafaqat, Andijon viloyatining, balki respublikamizning suv taʼminoti eng ogʻir hududlaridan biri boʻlgan. Boisi, 2017-yilda tuman aholisini suv bilan taʼminlash darajasi 42,1 foizni tashkil etib, aholining yarmidan koʻpida suv muammosi mavjud edi. Toʻgʻri, “Andijon suv taʼminoti” MCHJ tomonidan ichimlik suvi yetib bormagan mahallalarga maxsus suv tashuvchi avtomashinalar orqali ichimlik suvi yetkazib berilgan. Biroq “Qoʻldan berganga qush toʻymas” deganlaridek, bu aholining kunlik talabini qondirishda yechim boʻla olmadi. Hukumatimiz tashabbusi bilan manzilda suv bunyodkorligi ishlariga kirishilgach, aholining orzu-umidlari roʻyobga chiqa boshladi. Buning uchun tumanda 75 milliard soʻmlik istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Natijada 342 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi tortilib, 35 dona suv inshootlarini qurish va taʼmirlash ishlari bajarildi.
— Zar qadrini zargar biladi, deganlaridek, suvga tashnalik nimaligini oʻz vaqtida “obi hayot”ga ehtiyojmand boʻlganlar yaxshi biladi, —deydi tumandagi “Boboxuroson” MFY raisi Tavakkaljon Shomurodov. –Bir paytlar olis masofadan suv tashib kelishimizga toʻgʻri kelgan. Ariqdagi suvni ichgan paytlarimiz ham boʻlgan. Mana, 2016-yildan buyon koʻchalarimizda bosqichma-bosqich quvur tortish, mavjud suv inshootini taʼmirlash ishlari bajarildi. Hozirga kelib, har bir xonadonga suv joʻmraklari oʻrnatilgan. Mahallamiz yuz foiz toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan.
Jalaquduq tumanining nomi, garchi, suv bilan bogʻliq boʻlsada, biroq ichimlik suvi taʼminotida muammolardan xoli emas edi. Hududlarni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida aholining qariyb, 25-30 yillik muammolari ijobiy yechim topdi. Hozirda taʼminlanish darajasi 58,1 foizdan 82,4 foizga yetkazildi. Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadr-qimmatiga boʻlgan eʼtibor ifodasidir. Buning natijasida 30 yildan buyon toza ichimlik suvi muammosi girdobida qolgan “Yangi sor” MFY aholisi amalga oshirilgan suv bunyodkorligidan nihoyatda mamnunlar. Boisi, hududning salkam 5 ming nafar aholisi toʻliq ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Mavjud 11 ta koʻchada joylashgan 910 ta xonadonning har biriga suv joʻmraklari oʻrnatildi.
— Bundan atigi bir yil oldin ham mahallamizda suv boʻlmaganligi bois yer osti suvidan foydalanishimizga toʻgʻri kelgan,—deydi shu manzilda istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Neʼmat aka Ahmadaliyev. –Afsuski, bu suv isteʼmolga yaroqsiz boʻlib, biz uchun turli qoʻlbola moslamalar orqali tortib olardik. Tarkibida inson sogʻligi uchun zararli boʻlgan moddalar mavjudligi bois, buyrak bilan bogʻliq kasalliklar kelib chiqqanligi ham rost. Hozir esa sharoitimiz boshqacha! Toza ichimlik suvining taʼmi baribir yaxshida! Yaratilgan sharoitlarni koʻrib, suv qurilishi ishlariga bosh-qosh boʻlganlarni, quruvchilarni duo qilib oʻtiribmiz.
Tan olish kerak, Andijon viloyatida nafaqat, tumanlarda, hatto viloyat markazi boʻlmish Andijon shahrining oʻzida ham toza ichimlik suvi bilan bogʻliq muammolar mavjud edi. Aytish joiz, ushbu hudud viloyatdagi eng isteʼmolchilar koʻp manzil hisoblanadi. Bu esa “Andijon suv taʼminoti” MCHJdan xizmat koʻrsatish sifatini taʼminlash bilan bir qatorda hudud aholisini suv bilan taʼminlash ishlarini ham koʻngildagidek amalga oshirishni taqozo etadi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda 53 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan boʻlsa, 107 ming nafar hamyurtlarimizga xizmat koʻrsatish sifati yanada yaxshilanganligi quvonarli, albatta. Bundan tabiiyki, isteʼmolchilar minnatdor!
— Avvallari juda qiynalganmiz,—deydi “Uygʻur” MFYdagi “Obodlik” koʻchasining 11-uyida istiqomat qiluvchi Saidaxon Ibragimova. –Ayniqsa, yoz fasli keldi, deguncha, suv boʻlmas edi. Xoʻjalik ishlari uchun ariqdagi suvdan foydalansak, isteʼmol uchun doʻkondan sotib olishimizga toʻgʻri kelardi. Ayrim qishloqlardagi suv taʼminotini koʻrib, havas qilgan paytlarimiz ham boʻlgan. Bugungi kunga kelib, suv tashib kelishlar ortda qoldi. Shundoqqina uyimizning ichiga suv joʻmraklari oʻrnatildi. 24 soat davomida taʼminot uzilmaydi. Sharoit yaxshi boʻlganligi bois foydalanilgan ichimlik suvi uchun toʻlovni ham oʻz vaqtida toʻlab boryapmiz.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring