“Andijon — Xonobod” yoʻnalishida ilk poyezd yoʻlga chiqdi
Foto: Sardor MULLAJONOV (“Xalq soʻzi”)
Taʼkidlash joizki, Xonobod shahri Qoradaryoning oʻng sohilida, viloyat sharqida, Andijon shahridan qariyb 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shaharga 1972-yilda asos solingan boʻlib, aholisi 41 ming kishini, umumiy yer maydoni esa, 23 kilometr kvadratni tashkil etadi. Oʻzining koʻrkam manzarasi, tabiatining goʻzalligi, toza havosi bilan sayyohlarning diqqatini oʻziga jalb qila oladigan hudud desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 2-iyun kuni Andijon viloyatining Xonobod shahriga qilgan tashrifi chogʻida Xonobod shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi dam olishi uchun qulayliklar yaratish, xususan temir yoʻl vokzalini qurish boʻyicha bergan topshiriqlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-iyundagi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida hududda qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Xonobod shahrida temir yoʻl vokzali qurildi.

Xonobod temir yoʻl vokzali 50 oʻrinli boʻlib, bir sutkada 500 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Vokzal atrofida bir gektardan oshiq maydonga turli xildagi mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilib, obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Ushbu yangi vokzalning qurilishi bilan 20 nafarga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.

Yangilanish va yasharish ayyomi boʻlgan Navroʻz bayrami arafasida, yaʼni bugun mazkur temir yoʻl vokzali foydalanishga topshirildi. Erta tongdan "Andijon — Xonobod" yoʻnalishida birinchi yoʻlovchi poyezdi harakatini boshladi. Bayramona kayfiyatda yoʻlga chiqqan nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar mazkur poyezdning ilk yoʻlovchisiga aylandilar.
Sardor MULLAJONOV (“Xalq soʻzi”)
olgan suratlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring