Andijon davlat universiteti delegatsiyasi Tomsk davlat milliy tadqiqot institutida boʻlishdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Uchrashuv davomida har ikkala oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada yuksaltirish yuzasidan muzokaralar boʻlib oʻtdi. Jumladan, talabalarni oʻqitishda oʻzaro tajriba oshirish, hamkorlik faoliyatini rivojlantirish va jahon tajribasini ommalashtirish masalalari muhokama etildi.
— Safar davomida har ikkala tarafning oʻzaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun 2023-2025-yillar davomidagi amalga oshirilishi muhim boʻlgan yoʻl xaritasi yuzasidan kelishuv boʻlib oʻtdi,—deydi Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashev. – 145-yillik tarixga ega boʻlgan institutda taʼlim jarayonini tashkil etish, talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish orqali oʻzaro tajriba almashish imkoniga ega boʻldik. Shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi suv havzalarida mikroplast muammo va yechimlar” loyihasida tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlar bilan uchrashuv ham yurtimizda mavzuga doir muammolarni bartaraf etishga doir jihatlari bilan manfaatli boʻldi. Safar yakunida oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga doir shartnomalar imzolandi. Maqsad esa yagona - Andijon davlat universiteti talabalariga jahon andozalariga mos taʼlim berish.
Andijon davlat universitetining oʻqishni Tomsk davlat milliy tadqiqot institutida davom ettirayotgan 40 nafar talaba bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv esa har ikkala taraf taʼlim tizimidagi tafavutlarni tahlil qilish imkonini berdi. Bir soʻz bilan aytganda, bu kabi uchrashuvlar oliy taʼlimdagi xalqaro munosabatlarni mustahkamlab, taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring