Anafilaksiya va anafilaktik shok hayot uchun oʻta xavfli — mutaxassis
Bir dori ikki bemorga ikki xil taʼsir koʻrsatishi mumkin. Biri shu malham tufayli kasallikdan xalos boʻlsa, boshqasi hayotini xavf ostida qoldirishi hech gap emas. Baʼzi oziq-ovqat mahsulotlari haqida ham shunday xulosa qilsa boʻladi.
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova shu kabi ogʻir holatlarni keltirib chiqaruvchi anafilaksiya va anafilaktik shok xususidagi fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.
— Anafilaksiya hayot uchun xavfli boʻlgan oʻtkir allergik reaksiya hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Uning belgilari toʻsatdan paydo boʻladi va tez rivojlanadi.
Anafilaktik shok esa bemor allergen bilan takroran duch kelganida paydo boʻladigan anafilaksiyaning ekstremal darajasi. Bunday holatda organizm avval oʻziga aks taʼsir koʻrsatgan nomaʼlum birikmani darhol “taniydi” unga nisbatan allaqachon shakllangan antitanalarni qalqon qiladi, yaʼni javob mexanizmini ishga tushiradi.
Shu tariqa organizm zudlik bilan gistamin, serotonin, bradikinin kabi bir qator gormonlarni ishlab chiqara boshlaydi. Oqibatda mayda tomirlarda qon aylanish jarayoni buziladi va arterial bosim keskin tushib ketadi.
Toʻqimalarga yetarli darajada kislorod yetib bormasligi oʻtkir gipoksiyani yuzaga keltirib, ichki organlar va miya faoliyatining izdan chiqishiga olib keladi. Bunday vaziyatda bemorga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilmasa, u hayotdan koʻz yumishi mumkin.
Hozir dunyo aholisining 1-3 foizgacha qismi anafilaktik shok bilan roʻbaroʻ kelishi tahlil qilingan. Xavotirli jihati, bu koʻrsatkich yildan yilga ortib bormoqda.
Demak, anafilaktik shok anafilaksiya natijasida rivojlanadi va juda qisqa vaqt ichida oʻzini namoyon qiladi. Anafilaksiya belgilari allergen turiga bogʻliq. Ammo u keltirib chiqaradigan eng xavfli asorat qon bosimining keskin pasayishi yoki anafilaktik shok hisoblanadi.
Odatda, ilk alomatlar oʻlaroq butun tana boʻylab toshmalar paydo boʻlishi mumkin. Bunda teri rangi oʻzgarib, qizil yoki oqish tusga kiradi. Badanda qichishish va qizib ketish hissi yuzaga keladi. Til va lablar shishishi hisobiga nafas olish qiyinlashadi. Baʼzi bemorlarda qorin ogʻrigʻi, koʻngil aynishi va qayt qilish kuzatiladi.
Keyinchalik, rivojlanayotgan reaksiya fonida qon aylanishi, nafas olish jarayoni va yurak urishi toʻxtashi kabi ogʻir holatlar qayd etilishi ehtimoli yuqori.
Anafilaktik shok belgilari allergen tanaga kirganidan soʻng bir necha daqiqadan 2 soatgacha boʻlgan davrda namoyon boʻladi. Reaksiya vaqti organizmning individual xususiyatlariga bogʻliq.
Tadqiqotlarga koʻra, bu muddat oziq-ovqat allergiyasida taxminan 30 daqiqa, zaharlanishda 15 daqiqa, tomir ichiga yoki mushak orasiga yuborilgan dorilarga reaksiya jarayonida 5 daqiqani tashkil etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring