Amir Temur merosi - uchinchi Renessans sari ishonchli qadam

16:27 02 Aprel 2026 Jamiyat
230 0

Samarqand shahrida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan “Amir Temur merosi - uchinchi Renessans sari ishonchli qadam” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Viloyat hokimligi, xalqaro Amir Temur jamoat fondi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimlari hamda Markaziy harbiy okrug maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tarixchi olimlar, professor-oʻqituvchilar, harbiylar, shoir va yozuvchilar ishtirok etib, Sohibqiron Amir Temurning faoliyati, boy maʼnaviy merosi, davlatchilik anʼanalari va ularning taraqqiyotimizdagi ahamiyati xususida fikr almashdilar.

Anjuman davomida maʼruzachilar tomonidan Amir Temur davridagi ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik rivoji, harbiy jang sanʼati va usullari, shuningdek, “Temur tuzuklari” asarining ahamiyati, uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashda Sohibqironning tarixiy merosini chuqur oʻrganish va uni yosh avlod ongiga singdirish muhimligi taʼkidlandi.

- “Temur tuzuklari” faqat tarixiy manba emas, balki davlatchilik va jamiyat boshqaruvining mustahkam asoslarini belgilab bergan bebaho asar, - deydi Xalqaro Amir Temur fondi raisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. - Unda Amir Temur adolatni eng oliy mezon sifatida ilgari suradi va rahbar inson avvalo xalq manfaatini ustuvor qoʻyishi kerakligini taʼkidlaydi. Shu bilan birga, asarda intizom, masʼuliyat va qatʼiyat kabi fazilatlar davlat barqarorligining asosi sifatida koʻrsatiladi. Bugungi kunda ham “Temur tuzuklari” oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Aksincha, yangi Oʻzbekistonni barpo etish, uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash jarayonida bu asardagi gʻoyalar biz uchun muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi. Xususan, adolatli boshqaruv, xalq bilan muloqot, qonun ustuvorligi va vatanparvarlik kabi tamoyillar hozirgi taraqqiyotimiz bilan uygʻun holda namoyon boʻlmoqda. Shu maʼnoda “Temur tuzuklari” nafaqat oʻtmish merosi, balki bugun va kelajak uchun yoʻl koʻrsatuvchi muhim manbadir.

Anjuman yakunida Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizoni va xalqaro Amir Temur jamoat fondi viloyat boʻlimiga ilmiy qoʻllanma va badiiy kitoblar jamlanmasi topshirildi.

Temuriylar qiyofasi aks etgan sahna koʻrinishlari namoyish etilib, Sohibqironning hayot faoliyati va uning maʼnaviy merosini xalqaro miqyosda targʻib etib kelayotgan olimlar, tadqiqotchi va faollar taqdirlandi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер