Amaldagi tartib qonunbuzarliklarga maʼlum maʼnoda imkon yaratmoqda

12:08 27 Fevral 2020 Jamiyat
1087 0

Bosh prokuratura hokimliklar zaxirasidagi qishloq xoʻjaligi yerlarining holati, oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish va ularda noqonuniy qurilgan uy-joy, bino, inshoot va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini buzish bilan bogʻliq amaliyotni tahlil qildi.

Xoʻsh, natija qanday? Afsuski, yaxshi emas. Tahlillarga koʻra, 3 884 gektar yer maydonlari oʻzboshimchalik bilan egallangan, 6 024 gektarida noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgan, 9 741 gektaridan samarasiz va 1 418 gektaridan maqsadsiz foydalanilgan.

Birgina Toshkent viloyatida 11 590 ta holatda 1 450 gektar yer maydoni oʻzboshimchalik bilan egallangan, 9 713 ta holatda 855 gektar yerda noqonuniy qurilish qilingan.

Bosh prokuratura tomonidan bu borada huquqni qoʻllash amaliyotida aniqlangan muammolar va qonunbuzilish holatlarini bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Qonun loyihasiga muvofiq, mamlakat iqtisodiyotining tayanchi boʻlgan yer resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish maqsadida oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini qaytarish va bunday yerlarda noqonuniy qurilgan uy-joy va boshqa koʻchmas mulk obyektlarini buzishga oid ishlarni sudda koʻrib chiqish tartiblari soddalashtirilmoqda.

Chunki qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan amaldagi tartib yerdan foydalanishdagi qonunbuzarliklarga maʼlum maʼnoda imkon yaratmoqda.

Loyihada Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 91-moddasiga hamda Fuqarolik protsessual kodeksining “Sud buyrugʻi” deb nomlangan 18-bobiga qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgartirishlarga koʻra, oʻzboshimchalik bilan egallangan yerlarni yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish va oʻzboshimchalik bilan qurilgan uy-joy, bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulk obyektlarini buzish toʻgʻrisidagi masalalar sud buyrugʻi tartibida koʻrib chiqiladi.

Vaholanki, bu boradagi amaldagi tartibga muvofiq, bitta noqonuniy qurilmani buzdirish haqidagi hal qiluv qarori Majburiy ijro byurosiga kelib tushishi uchun oʻrtacha 80 kun muddat talab etiladi.

Bu esa, noqonuniy qurilish u boshlangan vaqtda aniqlangan taqdirda ham davom etishiga sharoit yaratmoqda, kelgusida uni qonuniy asoslarda buzish jarayonida mulkdor hamda vakolatli organlar oʻrtasida tushunmovchilik va ziddiyatni yuzaga keltirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер