«Alo-o, Buxoro-o»
Xalqimizning “Elda bori — senda bor” degan dono naqli aloqa kompaniyalari uchun aytilgandek. Toʻgʻrida, elni bir-biriga yaqin qiladigan aloqa operatorlarining yaxshi ishlashi, sizu bizning ham ogʻirimizni yengil qiladi-ku. Biror viloyatga zarur qoʻngʻiroqni amalga oshirmoqchi boʻlsangiz, bogʻlana olmay «Alo-o, Buxoro-o» deb xunob boʻlsangiz, eng avval aloqa operatorlariga “rahmat”lar yogʻdirasiz. Sezganingizdek, bu safar Buxoro viloyatida aloqa operatorlarining ishlashi boʻyicha monitoring natijalarini tahlil qilamiz. Demak, boshladik!
Buxoro tumani
15 ta mahalladan tashkil topgan tumanning mobil aloqa holati afsuski, havas qilarli darajada emas, faqatgina “Galaosiyo ” va “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻinida barcha kompaniya aloqa holati talabga javob beradi. Ammo qolgan 13 ta mahallada aloqaning darajasi past.
Kogon tumani
Tumanliklar mobil aloqa sifatidan yolchimagan koʻrinadi. Ammo “Beklar” va “Istiqbol” mahallalarida Ucell aloqa operatori aʼlo darajada ishlaydi. Ammo qolgan mahallalarda sifat darajasini oshirish lozim.
UZMOBILE ham har qalay ikkita, “Beklar” va “Oʻba choʻli” mahallalarida ishlab turibdi, qolganida esa mavjud emas.
BEELINE kompaniyalari esa hech bir mahallada aloqaga chiqmaydi.
MOBIUZ aloqa operatori «Xoʻja yakshanba» mahallasiga beminnat xizmatdayu, qolganlariga qoʻl siltab qoʻygandek.
Kogon shahar
Aniqlanishicha, 6 ta mahalladan tashkil topgan ushbu moʻjaz shahar hududidagi mahallalarda PERFECTUM mobil aloqa operatori mutlaqo mavjud emas.
“Maxtumquli” mahallasida UZMOBILE , BEELINE , UCELL aloqa operatorlari tomonidan mijozlarga koʻrsatilayotgan xizmat qoniqarsiz holatda.
«Boburshoh» mahallasida MOBIUZ, UCELL aloqa operatorlaridan tashqari barcha kompaniya xizmatlari talab darajasida emas.
«Amirabot» mahallasi hududida esa faqatgina MOBIUZ ishlash sifati yuqori, qolgan aloqa xizmatlari mutlaqo sust.
«Zirabod» mahallasi hududida esa BEELINEning ishlashi talab darajasida emas.
“Beruniy” mahallasida BEELINE va UCELL mobil aloqa operatorlari faoliyati sifatini oshirishi zarur.
“Turon” hududida esa barcha mobil aloqa kompaniyalari xizmatlari sifatsiz ekanligi kuzatildi.
Jondor tumani
Turli asabbuzar qoʻngʻiroqlardan xunob boʻlganlar uchun Jondor tumani juda maqbul joy. Sababi 7 ta mahallaning hech birida aloqa holati yaxshi emas!
Olot tumani
Bu hududdagi holat birmuncha moʻtadil. Ishlamaydigan aloqa kompaniyasidan koʻra ishlaydigani koʻproq. Ammo aʼlo deb ayta olmaymiz. Sababi, «Kirlishon» va «Xalqobot» MFY (mahalla fuqarolar yigʻini)da MOBIUZaloqa operatoriga umuman ulanishning imkoni yoʻq.
UCELL esa tumanliklarning koʻnglidan joy olgani aniq. Chunki deyarli barcha mahallada holat maqtagulik.
“Nurobod”, «Pikochki», “Davlatboy”, “Oqoltin”, “Maʼrifat” va «Jayhunobot» mahallalarida UZMOBILE aloqa holati sust.
PERFECTUM esa 38 ta mahallaning 21 tasida yaxshi ishlaydi qolganlarida talabga javob bermaydi.
BEELINE esa faqat 8 ta MFY da qoniqarli emas. Qolganlarida ishlab turibdi.
Qorakoʻl tumani
Qorakoʻlliklarning mobil aloqalardan koʻngli toʻq. Barcha mahalladagi aloqa muvofiq tarzda yoʻlga qoʻyilgan.
Shofirkon tumani
35 ta mahalladan iborat ushbu ulkan tumanda PERFECTUM va MOBIUZ aloqa operatorlarining mutlaqo ishlamasligidan kompaniyaning oʻzi xabardormikin degan tabiiy savol tugʻiladi? Agar siz ushbu kompaniyalardan birining mijozi boʻlsangiz Shofirkonga tashrifingiz unchalik ham koʻngildagidek boʻlmaydi deb qoʻrqamiz.
Gʻijduvon tumani
Bu tumanda ham shu ahvol. PERFECTUM Gʻijduvonliklarni ham chetlab oʻtgan koʻrinadi. Hech bir mahallada aloqa yoʻq.
MOBIUZ esa deyarli tumanning yarmiga xizmat koʻrsatmaydi (20 ta MFYdan 11 tasida mavjud emas).
Qolgan kompaniya mobil aloqalari har qalay tuzuk.
Romitan tumani
Romitanliklar ham PERFECTUMning bepisandligidan xursand emas. 49 ta mahalladan tashkil topgan tumanning 31 tasida aloqa yoʻq. Sanoqli uchta mahallada yaxshi ishlaydi. Ammo qolganlarida sust.
MOBIUZ esa uchta mahallada mavjud emas. Qolganlarida har qalay bor.
UCELL iloji boricha romitanliklarni rozi qilishga urinyapti, deyarli barcha mahallada aloqa mavjud. Ammo “yana-da yaxshirogʻini ” kutib qolamiz.
Qolgan kompaniyalar ham sifatga eʼtibor qaratishlari zarur.
Peshku tumani
“Toshmachit” va “Urganjiyon” mahalla fuqarolar yigʻinida UZMOBILE va MOBIUZ yaxshi ishlamaydi. PERFECTUM esa mavjud emas. Qolganlari esa talabga javob beradi.
Qorovulbozor tumani
4 ta mahallani oʻz ichiga olgan bu ixcham hududda deyarli hech bir kompaniya aloqasi yaxshi ishlamaydi.
Bunday holatlarga balki xalqimiz koʻnikib qolgandir. Ammo, befarqlik va atrofdagi narsalarga xotirjam munosabatda boʻlish taraqqiyotning aynan kushandasi hisoblanadi. Mobil aloqa kompaniyalaridan esa vazifasiga nisbatan yana-da vijdonan yondashishini kutib qolamiz.
Aziza Xoʻjakeldiyeva,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilsh
jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring