Alkogol koronavirusni davolamaydi!
Illyustrativ foto
Koronavirus haqida maʼlumotlar yoyilgach, “Uni spirtli ichimliklar bilan davolash va profilaktika qilish mumkin”, degan mish-mish ham tarqaldi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
Avvalo, bir soʻz bilan aytishimiz mumkinki: Tibbiyot rivojlangan zamonda yashayapmiz. Kasallikni erta tashxislash va mavjud imkoniyatlar, samarali dori-darmonlar bilan dardga shifo topishdan mosuvo emasmiz. Shunday sharoitda najotni zararli yoʻllardan qidirishga ne hojat?! Kim tavsiya qilishidan qatʼiy nazar, bunday “muolaja”ga koʻnmang. Binobarin, bu bilan dardingizni zoʻraytirganingiz yetmaganidek sogʻlom organlaringizni dardmand qilib qoʻyishingiz hech gap emas.
Virusni aroq bilan yengaman, deganlar yanglishadi
Tomoq ogʻrigʻi va yoʻtalda “ichki kompres”ni qoʻllashni yoqlovchilar koʻplab topiladi. Lekin bu shamollashni bartaraf etuvchi yechim emas. “Dori ham maʼlum miqdorda zararli”, deguvchilar tabiiy yoʻllardan foydalanishlari, chiniqish, sport, baquvvat ovqatlanish va organizmni mustahkamlash orqali kurashishlariga imkon bor. Koʻpchilik antibiotiklardan nafratlanib, “ichki kompres”lar orqali davolanishni afzal biladi. Lekin spirtli ichimlikdan koʻra antibiotikning zararli taʼsiri organizmdan ertaroq chiqib ketar ekan. Aroq oshqozon, ayniqsa oshqozon shilliq qavati hamda oʻn ikki barmoq ichak uchun dushmandir. Bu qabul qilinayotgan dorilarning oʻzlashtirilishiga xalaqit beribgina qolmay organizmni kuchsizlantirib, immunitet faoliyatiga daxl koʻrsatadi. Har qanday dorini spirtli ichimlik bilan bir vaqtda qabul qilish xavfli, shamollaganda koʻp qoʻllaniladigan tana haroratini tushiruvchi preparatlar bilan aralashtirilganda esa insonga ikki hissa koʻproq ziyon keltiradi. Kishida temperatura yuqorilab kelayotgan boʻlsa, spirtli ichimlik darhol oshirib yuboradi va bemor xavf ostida qoladi. Chunki katta koʻrsatkichdagi tana haroratida organlar, ayniqsa yurak va jigar aziyat chekadi. Tomoq ogʻrigʻi mahali aroq yoki konyak bilan chayish, gʻargʻara qilish mahalliy shish va yalligʻlanishni yoʻqotmaydi, aksincha kuchaytiradi.
Konyak eski dardlarni qoʻzgʻaydi
Spirtli ichimliklar ichida konyak qaramlikka olib kelish boʻyicha yetakchilik qiladi. Yaʼni, darddan tuzalguncha vaqtni moʻljallab, tatib koʻrgan kishida alkogolga moyillik paydo boʻlib, tuzalgandan keyin ham undan oʻzini tiyolmay qoladi. Ayniqsa, gastrit, qandli diabet, gipertoniya va gipotoniya, oʻt qopida toshi bor bemorlar konyakning zararli taʼsiriga sezgir boʻladilar, ular uchun bir qultum konyakning oʻzi tobi qochishi uchun kifoya. Har qanday surunkali kasallik konyakka yaqin yoʻlamaslik uchun asos boʻladi. Konyak kaloriyaliligi jihatidan mayonez bilan teng oʻrinda turadi va ishtahani haddan tashqari ochib yuboradi. Bu esa mehmondorchiliklarda ovqatlanish qoidalarini buzish, toʻplagan energiyani sarflolmaslik muammosini keltirib chiqaradi.
Qon koʻpaytirishi kutilgan vino astmani “sovgʻa” qiladi
Vinoni koʻpchilik “Alkogol emas, uzum-ku. Qonni koʻpaytiradi” deb oqlaydi. Lekin u yurak ishemik kasalliklari va jigar sirrozini keltirib chiqarishini xayollariga keltirmaydilar. Vinoda oshqozon shirasini ragʻbatlantirish va bu bilan ishtahani ochishi tufayli ortiqcha vazn, oshqozonda kislota koʻpayishiga zamin hozirlanadi. Pankreatit, gastrit, oshqozon va oʻn ikki barmoq ichak yarasi, buyrak va jigarida dardi borlarga vino mutlaqo mumkin emas. Anemiyadan xalos boʻlish maqsadida vino ichgan kishi allergiya, migren, hattoki astmani orttirib olishi hech gap emas. Axir qon koʻpaytiruvchi tabiiy mahsulotlar, temirdan tarkib topgan preparatlar son-sanoqsiz-ku, nega oddiy anemiyadan qutilaman deb xavfli astmaga duchor boʻlish kerak? Yana bir salbiy maʼlumotga koʻra, aynan vino saraton katakchalarini qoʻzgʻatishga sababchi boʻlar ekan. “Vino – uzum”, deganlar, marhamat, serquyosh oʻlkamizda xozir-u nozir uzumlardan isteʼmol qilsinlar, ana shunda foyda koʻradilar.
Peshob haydovchi pivo kaliyni yemiradi
Xuddi vino kabi pivoning ham oqlovchi tarafkashlari koʻp. “Pivo alkogol hisoblanmaydi, u achitqi bugʻdoy”, deb baʼzilar boshqa spirtli ichimliklarga yaqin yoʻlamagan holida pivoni tark etmaydi. Ayniqsa jazirama yozda uni chanqovbosdi ichimlik sifatida xarid qiladiganlar koʻpayadi. Lekin bularning bari xato xulosalardir, har qanday pivo alkogol ichimliklar sirasiga kiradi. Pivo yurak-qon tomir, oshqozon-ichak trakti, moddalar almashinuvi, asab tizimiga salbiy daxl qiladi. Bu ichimlikning peshob haydash xususiyati hech kimga sir emas. Buni bilib olib, buyrak kasalliklari (piyelonefrit, nefroz)da oʻzboshimchalik bilan qoʻllab koʻradilar, oqibatda buyrak zoʻriqib, qovuq kuchli bosimdan qiynalib qoladi. Koʻp miqdorda peshob ajratish organizmdan kaliyning chiqib ketishiga sabab boʻlib, kishi holsizlanadi, koʻz oldi qorongʻulashadi, tomogʻi qurib, qulogʻi shangʻillaydi. Bu yurak bezovtaligidan darakdir. Yana ayrimlar pivoni biroz toʻlishish, ortiqcha ozgʻinlikdan chekinish maqsadida ichadilar. Toʻgʻri, pivo ishtahani ochadi, lekin vaznning yoshga nomunosibligi sabab boʻlgan muammoni yechib berolmaydi. Toʻlishishni istagan odam oʻta oriqlik sababini shifokor bilan izlashi, parhezshunos yordamida vazn koʻpayishiga xizmat qiluvchi foydali mahsulotlardan tanovvul qilishi lozim.
Maʼlumotlarga koʻra, 30 gramm spirt (bu ikki stakan aroq yoki yarim bakal pivo hisobiga toʻgʻri keladi) jigar sirrozi kurtak ochishi uchun kifoya. Ayollar uchun esa ushbu oʻlchov uch barobar kam boʻlgan taqdirda ham shunday oqibatga olib keladi. Ichuvchilarda infarktga chalinish xavfi 45 foizga koʻtarilsa, bu bilan bogʻliq oʻlim ehtimoli 37 foizni tashkil etadi. Oʻz joniga qasd qilganlarning aksariyat qismi sarxushlikda bu mashʼum ishga qoʻl urganlari aniqlagan. Eng yomoni, bu illat sogʻlom nasl qoldirish qobiliyatiga sezilarli darajada putur yetkazadi. Ushbu mavzuga oid tugal xulosamiz – alkogol mahsulotlari hech qachon dori vazifasini bajarolmaydi, u orqali dardga davo topish afsonadan oʻzga narsa emas. Asossiz fikrlarga ishonib, “oz-ozdan ichib turish” koʻpdan koʻp muammolarga eshik ochadi.
Murat UTENIYAZOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati
Davlat inspeksiyasi,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Boshqarmasi boshligʻi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring