Alisher QODIROV: “RF va Qozogʻistonda arzon koʻrsatilayotgan narxlar avtomashinalar uchun boshlangʻich toʻlov boʻlib chiqmoqda. Bizda sotilayotgan avtomashinalar 500-900 dollarga arzonroq”
UzAvtoMotors monopolist, toʻgʻri. Lekin u mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi, 18 ming vatandoshimiz non topayotgan va byudjetimizga 4 trln.soʻmdan koʻproq soliq toʻlayotgan monopolist. Biz ushbu sohani korrupsiya botqogʻiga botib ketgan davrini ham koʻrdik. “Shapka”larimiz bilan, lom-mim demasdan ushbu monopolistni “vahshiylashishi”ga hissa qoʻshganlarimiz ham qancha. Endi u raqobatga tayyorgarlik koʻrayapti, shaffoflashayapti, haqiqiy tannarxini topayapti. Bu zaruriy ehtiyoj, boshqa yoʻli yoʻq.
Sohada raqobatni yuzaga kelishi vaqt masalasi, hammamiz bilamiz. Biz kutayotgan JSTga aʼzolik bilan bozorimiz ochiladi va haqiqiy raqobat boshlanadi. Hozir dod solganimiz bilan yengil avtomashina ishlab chiqaradigan yana bir kompaniya paydo boʻlib qolmaydi. Oʻshanda narxi arzonroq boʻlgan avtomashinani sotib olish haqida oʻylaymiz, narxi qimmat va sifati past ishlab chiqaruvchilar kasodga uchramaslik uchun turli “karomatlar” koʻrsatishadi. Qimmat mashinani “qimmat ekan” deb dod solmaymiz, olmay qoʻya qolamiz, tamom. Lekin hozirgi oʻrtahol oʻzbekistonlikning daromadi talab qilinayotgan arzon mashinaga ham yetmaydi-ku? Masala avtomashina narxini koʻtarilganida emas, daromadimizni kamligidadir, balki?
“Milliy tiklanish” partiyasining fraksiyasi UzAvtoMotors vakillarini savollarga javob berish uchun Qonunchilik palatasiga taklif qildi. Muhokama boshqa partiyalarning fraksiya aʼzolari uchun ham ochiq boʻldi.
Menimcha, savollarimizga javob oldik:
1)Narxlar avtomashinalarni tannarxiga mutanosib belgilanmoqda. Narxlarni oshishi xorijdan kelayotgan ehtiyot qismlarni koʻpligi bilan bogʻliq. Shuncha vaqtdan beri mahalliylashtirilmagan! Muammo, lekin shaffoflashayotgan kompaniyani qilishi kerak boʻlgan ishlarni qilayotgani uchun tanqid qilish adolatsizlik;
2)Avtomashina narxi xorijda sotilayotgan narxlardan yuqori emas. RF va Qozogʻistonda arzon koʻrsatilayotgan narxlar avtomashinalar uchun boshlangʻich toʻlov boʻlib chiqmoqda. Bizda sotilayotgan avtomashinalar 500-900 dollarga arzonroq.
Oʻrganishda davom etamiz.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“MTDP” fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring