Alimentchi otalar ishga joylashtirildi
Ma’lumki, sud qarori asosida aliment to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish qarzdor shaxsning majburiyati hisoblanadi. Biroq, ayrim hollarda aliment to‘lovchi ishsizligini ro‘kach qilib, oyma- oy farzandi moddiy ta’minotini ta’minlashni orqaga suradi. Mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, Pop tumanidagi yirik ishlab chiqarish korxonasida tashkil etilgan mehnat yarmarkasiga ko‘plab ishsiz fuqarolar qatori 12 nafar aliment to‘lovchi ham taklif etildi. Unda tumandagi 27 ta korxona va tashkilot o‘zlaridagi 800 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Ish beruvchilar qatnashchilarni vakant o‘rinlari, yaratilgan mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishtirdilar.
- Men bir nafar farzandimga sud qaroriga asosan aliment to‘lashim kerak. Lekin, ishsizligim tufayli vaqtida hisob-kitob qila olmayotgan edim, - deydi Xazratibob mahallasida yashovchi fuqaro Muhammadali Kalonov. - Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasiga davlat ijrochisi tomonidan taklif etilganim yaxshi bo‘ldi. Endi “Pop mo‘rikon” MCHJda ishlayman. Birinchi navbatda qarzdorlikni bartaraf etaman va oyma-oy farzandim moddiy ta’minotini berib turaman.
O‘tkazilgan yarmarkada yana 10 nafar ishsiz aliment to‘lovchi mehnat jamoalariga qabul qilinib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, MIBning Pop tuman bo‘limi ish yurituvida bugungi kunda 2139 ta aliment bilan bog‘liq hujjatlar mavjud va ularni ijrosini ta’minlash borasida joriy yilning uch oyi davomida 1 milliard 741 million so‘m qarzdorlik undirib berildi. Olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida 99 ta oilani yarashtirishga erishildi. 44 nafar ishsiz aliment to‘lovchining bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring