Akkreditatsiya masalalari koʻrib chiqildi
Markaziy saylov komissiyasining videokonferensiya shaklidagi navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish kun tartibiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilishga oid masalalar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasining referendumida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi MSKning qarori bilan YEXHT DIIHB, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi hamda Buyuk Britaniya, Fransiya, Chexiya kabi xorijiy mamlakatlardan jami 45 nafar kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Bugungi kunga kelib, xalqaro tashkilotlardan hamda xorijiy mamlakatlardan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan kuzatuvchilarning umumiy soni 383 nafarni tashkil etmoqda.
Shuningdek, MSKga kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 55 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalarining 131 nafar vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Shu bugunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 964 nafarni tashkil etayotir.
Majlisda kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring