Akaning buyragi singilga koʻchirib oʻtkazildi

16:34 30 Yanvar 2024 Jamiyat
319 0

Yaqin-yaqingacha bunday nodir operatsiyalar Hindiston yoki Rossiya Federatsiyasida amalga oshirilar edi. Endilikda nafaqat poytaxtdagi klinikalarda balki viloyatlarda ham oʻzlashtirildi. Ikki hafta avval Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida operatsiya stoliga ikki kishi — buyraklari yaroqsizligidan holdan toyayotgan bemor qiz va sogʻlom aka yotqizildi. Singil bemor, aka donor.

— Amaliyot ikki yarim soat davom etdi, — deydi markazning yurak-qon tomir jarrohligi boʻlimi mudiri Abdusalom Xoʻjamberdiyev. — Ustozimiz, professor Fazliddin Shamsiddinovdan bu gal toʻrtinchi bor “mahorat darsi”ni oldik. Yordamlashib koʻzimiz pishdi, malaka uquvimiz mustahkamlandi.

Shunday qilib, uch yildan buyon buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekib kelayotgan yigirma uch yoshli Zuxraxon Qambarova haftasiga gemodializ quyish muammosidan qutuldi. Bunda unga akasi 39 yoshli Anasxon Mamajonovning singlisiga oʻz buyraklaridan birini koʻchirib oʻtqazishga qaror qilganligi naf berdi.

Darhaqiqat, inson tana aʼzolari transplantatsiyasi oʻta murakkab jarayon. Avvalo, bemorni operatsiyaga tayyorlash uchun qarindosh donor topilishi shart. Soʻngra 80-90 xil tahlillar zarur. Hammasi muvaffaqiyatli yakunlanishida jarrohning tajriba, malaka va mahorati hal qiluvchi rol oʻynaydi. Akaning buyragini singilga koʻchirib oʻtkazilishida ham ayni omillar muhim ahamiyat kasb etdi.

Namanganda keyingi paytlarda 13 kishida buyrakni koʻchirib oʻtkazishga yoʻnaltirilgan yuqori texnologiyali amaliyot oʻtkazilib, ogʻir ahvolda qolgan bemorlar dardiga davo topildi. Viloyat shifokorlari yaqin vaqt ichida turkiyalik hamkasblari ishtirokida jigar plantatsiyasiga ham qoʻl urishni moʻljallab turishibdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер