Ayrim tuman va shahar hokimlari ishdan olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Yashil” energetikadagi islohotlar natijasida hozirgacha ishga tushgan 2,4 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga birinchi yarim yillikda 1,6 milliard kilovatt “yashil” energiya olindi.
Bu yarim milliard kub metr gazni tejash imkonini berdi.
Shu yilning oʻzida mahallalarni obod qilish, bogʻcha, maktab, tibbiyot, yoʻl, suv, elektr kabi infratuzilmani yaxshilash uchun byudjetdan 31,5 trillion soʻm ajratildi. Bunga yana 1,5 trillion soʻm ajratilishi belgilandi.
Yil boshidan 18 ming 600 ta yangi xonadon qurilib, foydalanishga topshirildi.
Oʻtgan olti oyda 26 mingta oilaga 7 trillion soʻmga yaqin ipoteka krediti ajratildi. Ular boʻyicha boshlangʻich toʻlov va foizni qoplash uchun 545 milliard soʻm subsidiya berildi.
— Yutuqlarimiz haqida koʻp gapirish mumkin. Dunyodagi ogʻir sharoitga qaramasdan barqaror iqtisodiy oʻsish yoʻlida aniq natijalarga erishayapmiz.
Buni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari, yirik investorlar ham eʼtirof etayapti, — dedi davlatimiz rahbari.
Bunga munosib hissa qoʻshayotgan tarmoq, viloyat va tumanlarga, tadbirkorlarga alohida minnatdorlik bildirildi.
Shu bilan birga, faoliyatida tizimli kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo choralarini koʻrish, Qoraoʻzak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari, Gʻozgʻon shahri hokimlarini ishdan olish boʻyicha Bosh vazir A.Aripovning taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring