Ayrim rahbarlarga giyohvandlikka qarshi kurashish boʻyicha oʻrinbosar tayinlanadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilinishicha, oʻtgan yilda poytaxtda 1,5 mingdan ortiq narkotikka ruju qoʻyganlar rasman roʻyxatga olingan. Eng achinarlisi, “soya”da boʻlgan giyohvandlarning soni bundan ham koʻp. Ularning aksariyati yoshlar.
Qayd etilishicha, ular narkotik uchun oyiga oʻrtacha 20-25 million soʻm sarflayapti. Giyohvand mablagʻ topish ilinjida jinoyatga qoʻl urishi tabiiy. Oʻtgan yili respublika boʻyicha 64 nafar shaxs giyohvand modda taʼsirida jinoyat qilgan, uning uchtadan bittasi Toshkent shahriga toʻgʻri keladi.
Shu yildan boshlab narko ekspress-testlardan ommaviy foydalanishga oʻtilishi belgilandi.
Giyohvandlikka nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklarida rahbarning alohida oʻrinbosari boʻladi.
Hokim, oliygoh rektori, texnikum va maktab direktorining oʻrinbosarlaridan biri bu yoʻnalishga masʼul etib belgilanadi.
Giyohvandlarni davolashga eng kamida toʻrt oy vaqt talab etiladi. Mutasaddilarga xususiy sheriklik asosida aholiga narkologik xizmat koʻrsatish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring