Ayrim ommaviy axborot vositalarida “Vazirlar Mahkamasi bayonnomasidagi 18-band qayerga yoʻqoldi?” mazmunida xabarlar tarqatilmoqda
Foto: Arxiv surat
Bosh vazir matbuot xizmati masʼul xodimi Bekzod Hidoyatov ushbu xabarga aniqlik kiritib, quyidagilarni maʼlum qildi:
«Bugungi kunda amaldagi tartib boʻyicha gʻallachilik yoʻnalishdagi fermer xoʻjaliklarini moliyalashtirish Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan imtiyozli kreditlar shaklida tijorat banklari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri ajratilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-avgustdagi 189-sonli yigʻilish bayonining 18-bandiga asosan amaldagi tartibning ijrosini taʼminlash, uning nazoratini yanada kuchaytirish va ushbu masalaga javobgar boʻlgan vazirlik hamda idoralarining masʼuliyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha vazifa sifatida belgilandi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Bayonning ushbu bandi oʻz kuchida turibdi va bugungi kunda mazkur topshiriqning ijrosi boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilyapti.
Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan 2023-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlar ekish va gʻalla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga sarflanadigan mablagʻlar hisob-kitob qilinmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblar boʻyicha gʻalla ekish bilan bogʻliq birinchi navbatdagi tadbirlarga gʻallachilik fermerlariga ajratish uchun 145 mlrd. soʻm mablagʻlarga grafiklar ishlab chiqilgan va joriy yilning 22-avgustidan boshlab, grafik asosida moliyalashtirish ochiladi.
Mazkur bayonning qaytadan yuborilgan variantidagi 18-bandi ham turlicha talqin qilinmoqda.
Gap shundaki, 2023-yil hosili uchun asosiy turdagi sabzavot ekinlarini ekish davri joriy yilning avgust oyidan boshlanishini va dolzarbligini hisobga olib bayon loyihasiga 19-band sifatida kiritilgan edi.
Mazkur bayon dastlabki ijroga yuborilganda 19-band sifatida kiritilgan topshiriq texnik xato sifatida tushib qolgan.
Loyihadagi 19-band dolzarbligi hisobiga bayonning qayta ijroga yuborilgan variantida texnik xato natijasida 18-band oʻrniga qoʻyib yuborilgan.
2023-yil hosili uchun asosiy turdagi sabzavot ekinlarini ekish boʻyicha alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va ijro uchun yuborildi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring