Ayrim mansabdor shaxslar nega qimmat narxlarda xizmat avtotransportlarini xarid qilmoqda? Bunga qachon barham beriladi? — A.Burxanov munosabat bildirdi

12:10 13 Noyabr 2020 Jamiyat
1404 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi direktori Akmal Burxanov bu haqida, jumladan, shunday fikr bildirdi:

— Afsuski, ayrim mansabdor shaxslar bugungi murakkab (pandemiya) sharoitida davlat mablagʻlarining samarali sarflanishi naqadar muhim ekanligini toʻla anglab yetmayaptilar. Ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokama boʻlayotgan — qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilish — bunga yaqqol misol boʻla oladi.

Bunday hollarda davlat xizmatchilariga “Halollik vaksinasi”ni normativ hujjatlar qabul qilib, tegishli cheklovlarni qoʻllash orqali singdirishdan boshqa chora qolmayapti.

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasida aynan mana shu kabi holatlarning oldini olish rejalashtirilmoqda.

Loyihaga koʻra, Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlariga xizmat avtoransportlarni klassiga qarab biriktirish normativlari (eng yuqori narxlari) belgilanadi.

Jumladan, tuman, shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransporti narxi BHMning 1200 baravari (267 mln. 600 ming soʻm)dan oshmasligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boʻlinmalari rahbarlari xizmat avtomashinasi narxi esa BHMning 700 baravari (156 mln. 100 ming soʻm)dan oshmasligi kerak boʻladi.

Davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud boʻlgan xizmat avtoransportlari xatlovdan oʻtkaziladi va belgilangan normativlardan ortiqcha boʻlgan xizmat avtotransportlari “E-IJRO AUKSION” orqali auksion savdolarda sotilishi taʼminlanadi.

Xizmat avtoransportlarini sotishdan tushgan mablagʻlar esa tegishlicha respublika byudjetiga va Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga yoʻnaltiriladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan soʻng amalga oshiriladi. Bunda avtotransportning texnik holati, undan foydalanish xavfsizligi, shuningdek, yangisiga almashtirishning iqtisodiy maqsadi inobatga olinishi lozim boʻladi.

Bundan tashqari, xizmat avtotransportlaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus veb-portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy taʼminotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabardor qilinadi.

Oʻylaymanki, mazkur hujjatning qabul qilinishi bugungi kun uchun juda dolzarb masalaga aylangan — byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi, uning ustidan jamoatchilik nazoratining oʻrnatilishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер