Aybsiz “aybdor”larning huquqi tiklandi
Navoiy shahridagi ikki maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyachi hamda xizmatchilarning huquqlari tiklanib, ularga 127 million 866 ming soʻmlik ish haqlari undirib beriladigan boʻldi.
Gap shundaki, shahardagi 21 va 22-maktabgacha taʼlim muassasalarida oʻtgan yilning 23 iyul sanasidan eʼtiboran kapital taʼmirlash ishlari boshlangan edi. Natijada ikkala bogʻchadagi tarbiyachi hamda texnik xodimlarga bogʻcha mudiralari ulardan yozma ravishda ariza olmasdan turib “oʻz hisobidan” taʼtil berib yuborgan.
— Ushbu holat yuzasidan xodimlar murojaati asosida oʻrganish oʻtkazilganda, — deydi Navoiy shahar adliya boʻlimi boshligʻi Azamat Xolmoʻminov. — Ish beruvchilar tomonidan bir qator qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 159-moddasida xodimning aybisiz yaroqsiz mahsulot tayyorlanganda va bekor turib qolingan vaqtda uning oʻrtacha ish haqi saqlanishi belgilangan. Yuqoridagi holatda ham xodimlarning hech qanday aybi yoʻq. Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim muassasasi mudiralari xodimlarining ishlamay turib qolgan davrida boshqa mehnat bilan shugʻullanishini taʼminlash boʻyicha tegishli yuqori turuvchi organga murojaat bilan ham chiqmagan.
Navoiy shahar maktabgacha taʼlim boʻlimiga adliya idorasi tomonidan kiritilgan taqdimnomaga asosan, 2018 yilning iyul oyi oxiridan noyabr oyigacha ishlamay turgan xodimlarga 127 million 866 ming soʻm undirilishi belgilandi. Shundan 65 million 290 ming soʻmi toʻlab berildi. Qolgan qismi ham tez orada ijobiy hal etiladi.
Bundan tashqari, xodimlari ishsiz qolgan davrda ularning boshqa mehnat bilan shugʻullanishini taʼminlash haqida taklif bilan chiqmaganliklari uchun maktabgacha taʼlim muassasalari mudiralariga tegishli tartibda chora koʻrish boʻyicha shahar maktabgacha taʼlim boʻlimiga taqdimnoma kiritildi.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring