Aholining ijtimoiy himoyasi yana-da kuchayadi
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshi ulugʻ insonlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni kuchaytirish, hurmat-ehtirom, mehr-oqibat koʻrsatish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, sihat-salomatligini mustahkamlash uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilib, ushbu masala davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Oʻtgan davrda bu borada amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar keksa avlod vakillari oʻz hayotidan mamnun boʻlib umrguzaronlik qilayotganlarida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 4-iyun kuni imzolangan “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon sohadagi islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Ushbu hujjat bilan endilikda belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdori va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy etiladi. Shuningdek, ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi pensiyalarning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda 256 675 soʻmdan 400 000 soʻmga oshiriladi.
Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik boʻyicha pensiyalari miqdori 565 000 soʻmga, Zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 soʻmdan 400 000 soʻmga yetkaziladi.
Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun qoʻshimcha toʻlov joriy etilib, pensiya oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 675 soʻmdan 400 000 soʻmga oshiriladi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlanadi. Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 350 soʻmdan 565 000 soʻmga oshiriladi.
Farmon bilan har bir pensiya va nafaqa miqdorlari summasi aniq belgilab qoʻyildi. Bu orqali koʻplab ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qoʻshimcha daromadga ega boʻladi.
Bir soʻz bilan aytganda, sohada amalga oshirilayotgan ishlar keksa yoshdagi odamlar, imkoniyati cheklangan shaxslar va yolgʻiz qariyalarning turmush sharoitlarini yaxshilash uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratishga, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish va ularga koʻrsatiladigan yordam turlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Oltinoy MAMIROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring