Aholini “Yashil energiya” resurslari bilan taʼminlash masalasi — kun tartibida

17:12 23 Sentyabr 2023 Siyosat
573 0

Xalq deputatlari Navbahor tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini “Yashil energiya” resurslari bilan barqaror taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Navbahor tumani hokimi A. Oʻroqov hamda hokimning birinchi oʻrinbosari M. Jumaboyevning hisobotlari eshitildi.

Hisobotlarda tuman aholisini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida 15 km. masofaga asosiy ichimlik suvi tarmogʻi, 145,3 km. masofaga esa ichki tarmoq tortish ishlari amalga oshirilgani, aholi va ulgurji isteʼmolchilarni uzluksiz elektr energiya bilan taʼminlash maqsadida 59,8 km. elektr tarmogʻi tortilgani, 1196 dona elektr uzatish tarmogʻi tayanchi yangisiga almashtirilgani, 14 dona yangi transformator oʻrnatilgani haqida axborot berdi.

Bundan tashqari, isteʼmolchilarga kuz-qish mavsumida jami 360 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan boʻlib, belgilangan grafik asosida joriy yilning oktyabr oyidan boshlab, suyultirilgan gaz yetkazib berilishi koʻzda tutilgan. Bugungi kunda tuman aholisiga kuz-qish mavsumi uchun 630 ta suyultirilgan gaz balloni zaxirasi yaratilgan.

Deputatlar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha bajarilayotgan ishlar, xususan, ijtimoiy soha obyektlaridagi 81 ta isitish qozonxonalariga davlat xususiy sheriklik asosida xizmat koʻrsatish borasidagi ishlarga alohida eʼtibor qaratdilar. Shundan kelib chiqib, ushbu masala yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlarining axborotlarini Kengashning navbatdagi sessiyasida alohida eshitish belgilab olindi.

Sessiyada iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va koʻp kvartirali turar joy fondini kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash ishlarini oʻz vaqtida va toʻliq bajarish hamda uni uzluksiz taʼminlash vazifalari deputatlar nazoratida boʻlishi taʼkidlandi.

Yigʻilishda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini “Yashil energiya” resurslari bilan barqaror taʼminlashga tumanda ustuvor ahamiyat qaratilayotgani qayd etildi.

Xususan, tumanda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish maqsadida ijtimoiy soha obyektlari va davlat tashkilotlariga
569 kVt quyosh panellari, tadbirkorlik subyektlariga 200 kVt quyosh panellari, aholi xonadonlariga 301 kVt quyosh panellari oʻrnatilgan.

Yigʻilishda mahalliy Kengashlar deputatlari muhokama etilgan masalalar yuzasidan oʻz munosabatlarini bildirdilar. Xususan, xalq deputatlari Navbahor tumani kengashi deputati Mahliyo Berdiyeva qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shu jumladan, quyosh panellaridan foydalanishni toʻla qoʻllab-quvvatlab, oʻrnatilgan quyosh panellari boʻyicha servis xizmatining yoʻlga qoʻyilmaganligi, panellarni ekspluatatsiya qilish, xavfsizligini taʼminlashga doir masalalar yetarli darajada taʼminlanmayotganligini taʼkidladi.

Xalq deputatlari Navbahor tumani Kengashi deputati Maʼsuda Gʻafforova esa aholiga suyultirilgan gaz belgilangan jadval asosida yetkazib berilayotgani, biroq turli sabablarga koʻra, ayrim fuqarolar suyultirilgan gaz ballonlarini oʻz vaqtida olishga imkoniyati boʻlmayotganini taʼkidladi.

Deputatlarning yuqoridagi va boshqa masalalar yuzasidan savollariga tegishli rahbarlarning javoblari eshitildi.

Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri N. Ismoilov hamda Qonunchilik palatasining bir qator deputatlari ishtirok etdi.

Kun tartibidagi masalalar boʻyicha xalq deputatlari Navbahor tumani Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shu kuni xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari, mahalliy partiya tashkilotlari faollari ishtirokida mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, xususan, vakillik organlari oʻrtasidagi hamkorlikni yaxshilash, deputatlarning faolligini oshirish masalalariga bagʻishlangan seminar mashgʻulotlari ham oʻtkazildi.

Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi, unda ilgari surilgan tashabbuslar, “Oʻzbekiston — 2030» strategiyasining ahamiyati, mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor vazifalarga toʻxtalib oʻtildi.

Shuningdek, mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, Kengashlar faoliyatida doimiy komissiyalarning rolini kuchaytirish, deputatlarning oʻz saylov okruglaridagi faoliyati shakl-shamoyilini oʻzgartirish, ularning saylovchilar bilan doimiy muloqot oʻrnatish mexanizmlarini takomillashtirish lozimligi qayd etildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер