Aholini tabiiy gaz bilan taʼminlashdagi muammolar toʻgʻrisidagi parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi

17:41 11 Sentyabr 2020 Siyosat
1403 0

Maʼlumki, Senat tomonidan aholini tabiiy gaz bilan taʼminlashdagi muammolar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborilgan edi. Oliy Majlis yuqori palatasining yettinchi yalpi majlisida ushbu parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, aholini tabiiy gaz bilan taʼminlash, tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirish borasidagi vazifalar asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan amalga oshirib kelinayotir.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining ushbu qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmlarini koʻpaytirish, gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish, tabiiy gazni qazib olish, qayta ishlash, yetkazib berish va sotishni hisob-kitob va nazorat qilish ishlarini takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu bilan birga, investitsiya loyihalarini tanqidiy oʻrganish va maqbullashtirish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish va neft-gaz tarmogʻi korxonalarida moliyaviy intizomni mustahkamlash va kabi qator vazifalar amalga oshirilmoqda.

Majlisda bu borada uchrayotgan muammo va kamchiliklarga urgʻu berildi. Xususan, aholi va tadbirkorlik subyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlashda qator kamchiliklarning mavjudligi saqlanib qolayotganligi, tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalarini tuzishda gaz taʼminoti korxonalari tomonidan tabiiy gazni transport qilish va yetkazib berishning haqiqatda mavjud imkoniyatlari inobatga olinmayotganligi, hududlarda tabiiy va suyultirilgan gaz bilan taʼminlanmagan xonadonlarni xatlovdan oʻtkazish ishlari sifatli tashkil etilmayotganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, aholini gaz bilan taʼminlash borasidagi kamchiliklar va muammolarni aniqlash maqsadida amaldagi qonun va qonun osti hujjatlarining isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlash talablariga javob berishi boʻyicha qayta koʻrib chiqish ishlarning sust tashkil etilganligi, aholining tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishga boʻlgan huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlarni talab darajasida taʼminlash maqsadida tegishli qonun va qonunosti hujjatlarining talab darajasida qayta koʻrib chiqilmayotganligi kabi muammolar boʻyicha amaliy choralar koʻrilishi zarurligi taʼkidlandi.

Mazkur masala maʼlumot uchun qabul qilindi. Lekin hududlarda ushbu yoʻnalishda mansabdor shaxslar tomonidan ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani hamda fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqqan holda Senatning navbatdagi yalpi majlisida Energetika vazirligining axborotini eshitish taklifi bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер