Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash borasidagi ishlar oʻrganildi
Keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasini isloh qilish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholining arzon va sifatli mahsulotlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ozuqabop mahsulotlar yetishtirish, agrar sohada aholining bandligini taʼminlash maqsadida 200 ming gektar yer ajratilganligi hamda 500 ming gektar qoʻshimcha yerlar foydalanishga berilganligi ichki bozorda narx-navoni barqaror saqlashga xizmat qilyapti.
Oliy Majlis Senatining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisi B.Tojiyev boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash hamda yaylovlar degradatsiyasining oldini olish va chorvachilikda ozuqa bazasini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati oʻrganilmoqda.
Ishchi guruh Navbahor tumanidagi bir qator fermer xoʻjaliklari dala maydonlarida boʻldi. Xususan, “NEW AGRO SYSTEM” fermer xoʻjaligi ekin maydonlari koʻzdan kechirildi. Fermer xoʻjaligi umumiy yer maydoni 232 gektar, shundan 132 gektari paxta, 100 gektari gʻalla. 2022-yilda 18 gektar paxta maydonga tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan.
Bundan tashqari, paxta va gʻalla dalalari atrofiga oshqovoq, loviya, sholgʻom va tut koʻchatlari ekilgan, uzumchilikni yoʻlga quyish maqsadida shpallerlar oʻrnatilgan. Gʻalladan boʻshagan 80 gektar maydonga hozirda 70 foiz moydorlik xususiyatiga ega Ispaniyadan keltirilgan kungaboqar urugʻi ekib, yetishtirilmoqda.
Shundan soʻng ishchi guruh “Arabxona” MFY hududida joylashgan “Safo sevdi” fermer xoʻjaligida boʻlib, yer egalarining muammolari va takliflarini ham oʻrganildi. Har bir koʻtarilgan masala yuzasidan aniq choralar koʻrilishi belgilab olindi.
Ishchi guruh tomonidan ichki bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan toʻldirish, xoʻjaliklarning eksport salohiyatini yaxshilash, umuman oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kerakli tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, “Navkar” MFYda boʻlib oʻtgan muloqotda ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tomorqalarda yetishtirishni keng targʻib etish, faol tomorqachilarni ragʻbatlantirish, yerdan samarali foydalanish istagi borlarga imkon berish va shu orqali qishloq aholisining ijtimoiy-iqtisodiy turmushini yanada yaxshilashga hissa qoʻshish lozimligi taʼkidlandi.
Ishchi guruh oʻrganishi davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring