Aholi uchun eng dolzarb muammolar hal etilyapti

06:18 15 Iyun 2023 Jamiyat
618 0

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhining oʻrganishlari eng chekka hududlarga ham kirib boryapti va aholi uchun eng dolzarb masalalarni oʻz yechimini topishga xizmat qilyapti.

Xususan, tuproq koʻchalarning tosh yoʻllarga aylantirilishi, elektr energiyasi, gaz yoki ichimlik suvi taʼminotida yechim topilayotgan muammolar, bularning barchasi – yozda qishga koʻrilayotgan hozirlik aslida. Prezident Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida tanlab olingan eng ogʻir hududlardagi bu kabi tizimli masalalarning aksariyati esa dasturlarga qoʻshimcha koʻmak sifatida ichki imkoniyatlar hisobidan hal qilinyapti.

Fargʻona viloyatida Respublika ishchi guruhining murojaatlar asosidagi oʻrganishlari natijasida 139 km tuproq yoʻllar shagʻallashtirilyapti. Ayni paytda biz turgan yaqinda Qoʻqon shahri tarkibiga kiritilgan “Oydinbuloq” mahallasining oʻzida 14 km tuproq yoʻllarga shagʻal yotqizilmoqda.

Shu bilan birga, 107 km uzunlikdagi avtomobil yoʻllarida 1 640 tonna asfaltbeton qorishmasi bilan chuqurchalar taʼmirlandi, 82 dona nur qaytaruvchi yoʻl belgilari oʻrnatildi va 25 ta joyda piyodalar oʻtish joylarini belgilash ishlari bajarildi.

Oydinbuloqliklarning aytishicha, 35-40 yil deganda koʻchalar taʼmirlanib, eskirgan simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirilyapti. Yangi transformator oʻrnatilishi bilan 200 ga yaqin xonadon nurafshon boʻlyapti.

Margʻilon shahri Chorchinor mahallasida ham hudud aholisi murojaatlari asosida yangi transformator va beton ustunlar oʻrnatilib, 1,5 km. tarmoq tortildiki, bu bilan 4 mingdan ziyod chorchinorliklarni oʻylantirgan katta masala nihoyat hal qilindi.

Jami elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 113 ta temir beton tayanchlar yangilandi, 3 dona transformator oʻrnatildi hamda 4,7 km tarmoq tortildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi va viloyat tibbiyot muassasalaridagi tajribali, yuqori malakali shifokorlar ishtirokida Yozyovon, Quva, Toshloq tumanlari, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarida tashkil qilingan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar davomida 85 nafar bemorga davolanish uchun imtiyozli yoʻllanmalar berildi.

Oltiariq, Fargʻona, Uchkoʻprik tumanlari, Qoʻqon va Quvasoy shaharlarida esa ishsiz-ehtiyojmand 398 nafar murojaatchiga subsidiya asosida tikuv mashinalari, motokultivatorlar, inkubatorlar va boshqa mehnat anjomlari olib berildi.

Bundan tashqari, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 3 050 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 161,8 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi taʼminlandi.

Bu kabi bunyodkorlik, obodlik va ezgulik harakati Fargʻonaning barcha tuman-shahrini qamrab olgan. Xalq bilan muloqotning “Oqqoʻrgʻon tajribasi” “Inson qadri uchun!” gʻoyasini hayotga tatbiq qilishda yana bir samarali mexanizm boʻlib xizmat qilyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер