Aholi sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlanadi
Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida deputatlar bir qator qonun loyihalari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib muhokama qilindi.
Xususan, “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi qizgʻin kechdi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mahalliy farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Endilikda sohaga ilgʻor xorijiy amaliyot va xalqaro standartlarni tatbiq etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish hajmlarini, ilmiy-texnik va eksport salohiyatini oshirish maqsadida amaldagi qonunlarga xalqaro tajribadan kelib chiqib, oʻzgartishlar kiritish ehtiyoji yuzaga kelmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilash, farmatsevtika tarmogʻiga ilgʻor ilmiy-texnika yutuqlari va innovatsiyalarni joriy etish orqali tarmoqda ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi.
Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida uni yanada takomillashtirish boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini bildirdi. Ushbu hujjatning bugungi kundagi zaruratini eʼtiborga olib, uni maʼqulladilar.
Yigʻilishda shuningdek, “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasining maqsadi 2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Yigʻilishda qonun loyihasi boʻyicha deputatlar tomonidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqqan holda qator taklif va munosabatlar bildirildi hamda ushbu hujjat qoʻllab-quvvatlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring