Aholi kayfiyatining oynasi
Elektr energiyasi taʼminotidagi beqarorlik yaqin oʻtmishimizning ogʻriqli nuqtalaridan biri edi. Albatta, buning bir qator sabablari boʻlib, aslida ular koʻp ham tilga olinmas, aksincha isteʼmolchi qarzdorligi doim roʻkach qilinardi.
Ikki-uch yildirki elektr energiyasi taʼminoti ancha epga kelib qoldi, binobarin “uzilishlar” sababi ham roʻy-rost aytilib, ularni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda. Zero, mamlakatimizda inson manfaati ustuvor tutilib, isteʼmolchilarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish fuqaroning bugundan roziligi, ertangi kunga ishonchi garovi sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Respublikamiz Prezidentining 2016-yil 23-noyabrdagi “2017-2021-yillar davrida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori dasutrilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Qarorga koʻra “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ hamda uningtarkibidagi tuzilmalari tomonidan 2020-yil rejasiga asosan 652,0 km elektr uzatish tarmoqlari va 88 dona transformator punktlarini modernizatsiya va yangidan qurish ishlari rejalashtirilgan.
Ushbu sinovli kunlarda ham korxona ishchi mutaxassislari karantin va sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda belgilangan chora-tadbirlar doirasida ish olib bordilar.
Xususan, viloyatda aholi soni eng koʻp boʻlgan Xatirchi tumanida shu yilning birinchi choragida 24,5 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlarini yangidan qurish, 11ta transformator punktlari hamda 300 ziyod temir-beton tayanchlarini oʻrnatish rejalashtirilgan edi. “Olmazor”, “Bunyodkor”, “Yangi” mahallalarida 172ta temir-beton tayanch oʻrnatilib, 5 transformator punktlari yangilandi. Shuningdek, 4,5 km SIP rusumli kabel tarmogʻi va 10 kv.li AS kabellar tortish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. “Bugʻirdoq” qishlogʻida esa 4 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlarini tortish, ikkita transformator punktini oʻrnatish va eski sim yogʻochlarni almashtirish ishlari yakunlandi.
Elektr energiyasi xonadonlarda oydinlik, iqtisodiyotimizda barqarorlik omili. Shu bilan birga aholi xushkayfiyatining garovi hamdir. Mazkur mezon qanday sharoit boʻlmasin, xoh tashvishli, xoh xushnud kunlar boʻlsin, oʻz kuchida qolaveradi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring