“Ahmadboy”ning necha milliard qarzi borligi oshkor etildi
Firibgarlik, noqonuniy moliyaviy piramida tashkil etish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilib, javobgarlikka tortilgan chinozlik AhmadjonTursunboyevdan (“Ahmadboy”) jabr koʻrgan fuqarolar soni va ularga yetkazilgan zarar miqdoriga aniqlik kiritildi.
“Xabar.uz” manbasining xabar berishicha, bu haqda bugun, 17-dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan tadbirda Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Bekzod Mengliyev maʼlum qilgan.
Unga koʻra, A.Tursunboyev va boshqalarning jinoyatlariga oid kelib tushgan ijro hujjatlariga koʻra, “Ahmadboy ishi” doirasida 11 710 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb eʼtirof etilgan. Yetkazilgan zarar miqdori esa 386 mlrd. soʻmdan koʻproqni tashkil qiladi.
Ayni paytda mahkumga tegishli 29 ta koʻchmas mulk va 8 ta avtomobil xatlanib, ularni auksionda sotish ustida ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, dastlabki tergov davrida olib qoʻyilgan pul mablagʻlari ham mavjud.
Alohida qayd etildiki, dastlabki tergovda olib qoʻyilgan pul mablagʻlari MIB hisob-raqamiga oʻtkazilishi va mulklar sotilishi hamono zararlarni qoplash boshlanadi. Jabrlanuvchilarning roʻyxati shakllantirilgan, tushgan mablagʻlar boʻyicha maxsus elektron dastur yaratilgan boʻlib, kimning qancha haqi borligidan kelib chiqqan holda proporsional taqsimlanib boriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring