Agar “bodikamera”lar boʻlmaganida...

12:57 28 Yanvar 2020 Iqtisodiyot
1534 0

Navoiy viloyatida oʻn nafar haydovchining IIB YHXB inspektorlari harakatidan norozi boʻlib yozgan shikoyatlari “bodi kamera”lar yordamida asossiz ekanligi tasdiqlandi.

Respublika Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi “Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosi asosida Navoiy viloyat IIB YHXB xodimlari ham 185 dona maxsus kamera bilan taʼminlanib, inspektorlar oʻz faoliyatida samarali foydalanishmoqda.

Yil boshidan buyon yoʻl-patrul xizmati xodimlari tomonidan 9 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlanib, oʻrnatilgan tartibda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Chunonchi, Navoiy shahri hududida xizmat oʻtayotgan YPX inspektori haydovchi Sh. S.ni svetoforning taqiqlovchi qizil chirogʻida chorrahadan oʻtib kelganligi sababli toʻxtatadi. Haydovchi shoshib turganligi uchun mazkur qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyganligini aytib, kechirim soʻraydi va bayonnomaga yengilroq qoidabuzarlik yozishini soʻraydi. Inspektor bunday qila olmasligini, qanday qoidabuzarlik sodir etilgan boʻlsa, aynan shu boʻyicha maʼmuriy bayonnoma tuzilishini aytib, rasmiylashtiradi. Bundan norozi boʻlgan haydovchi inspektor ustidan shikoyat qiladi. “Bodi kamera”dagi tasvirlar esa holatga oydinlik kiritib, inspektorning haqligini isbotladi.

– “Bodi kamera”lar ishga tushganidan buyon boshqarmamizga 10 ga yaqin xuddi shunday muammoli holatlar boʻyicha arizalar kelib tushdi, – deydi viloyati IIB YHXB katta inspektori Farruh Yakubov. – Endi nohaq va tuhmat koʻrinishida murojaat qiluvchi fuqarolar shikoyat qilishdan oldin chuqurroq oʻylab koʻrishlari lozim. Aks holda tuhmat uchun ham qonunda belgilangan tartibda javob berishlariga toʻgʻri keladi.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, “bodi kamera”lar ishga tushganidan buyon inspektorlar harakatidan norozi boʻlib shikoyat qilish holatlari ham sezilarli darajada kamaydi. Shuningdek, shikoyatlarni oʻrganishga sarflanadigan vaqt va unga jalb etiladigan mutaxassislar ham kamayganligini qayd etmoq lozim.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер