Afgʻoniston bilan chegarada qamishzorlar yoqib yuborilmoqda
Illyustrativ foto
Ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlatlari chegarasidagi neytral hududda yongʻin sodir boʻlayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur holat yuzasidan rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, ikki davlat chegarasi yaqinida Amudaryo daryosi ichkarisidagi kichik orolchalarda paydo boʻlgan qamishzorlarda turli kasalliklar tashuvchisi boʻlgan zararkunanda hasharotlar koʻpayishi va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish uchun rejali tartibda yoqib yuborilmoqda.
“Mazkur tadbir mutasaddi idoralar ruxsati hamda oʻzaro kelishuv asosida amalga oshirilib, orolchalardagi yongʻin harakatlari va koʻlami toʻliq nazoratga olingan”, deyiladi xabarda.
Hokimlik, shuningdek, ushbu tadbir yovvoyi qamishzorlarda belgilangan rejaga muvofiq olib borilayotganini maʼlum qilib, fuqarolardan ortiqcha vahimaga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa aholi oʻrtasida vahima keltirib chiqaruvchi yolgʻon axborotlarni tarqatmaslikni soʻragan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring