Adolat va insonparvarlik uygʻunligi
Xalqimiz maʼnaviy hayoti, milliy qadriyat va anʼanalarimizning ajralmas bir qismi boʻlgan, ezgulik, saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ayyomi – muborak Ramazon hayiti har yili yurtimiz boʻylab keng nishonlanadi. Negaki, ushbu bayramning maʼnaviy hayotimizda ezgulik, shukronalik, mehr-oqibat kabi olijanob qadriyatlarni qaror toptirishdagi oʻrni va ahamiyati beqiyos.
Taʼkidlash joizki, yurtdoshlarimiz hayit munosabati bilan muhtojlarga yordam koʻrsatish, mushkul ahvolga tushib qolganlarga madad boʻlish, ehson qilish orqali bir-birining koʻnglini obod etishni odat qilgan. Shunday muborak kunlarda adashgan kishilarning afv etilishi, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishi uchun koʻmak berilishi esa ana shu ezgu va xayrli amallarga toʻliq hamohangdir.
Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmon xalqimiz tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olindi.
Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 258 fuqaroning afv etilishi yurtimizda inson hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa huquqlari oliy qadriyat sifatida tan olinishining yana bir yorqin ifodasi boʻldi.
Ularning 16 nafari asosiy jazodan ozod etilsa, 101 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 24 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Shuningdek, 117 shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 nafarini ayol, 7 nafarini chet davlat fuqarolari, 164 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.
Xalqimizga xos bagʻrikenglik va insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan mazkur farmon hech shubhasiz, yurtimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, sogʻlom ijtimoiy muhitni mustahkamlash, bilib-bilmay notoʻgʻri yoʻlga kirgan insonlarni kechirish, ularni oilasi bagʻriga, toʻlaqonli hayotga qaytarishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarning uzviy davomidir.
Boshqacha aytganda, oʻz qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan shaxslarni afv etish, bu – alohida bir shaxsni kechirishdan iborat boʻlibgina qolmay, kelajakka umid koʻzi bilan boqayotgan bolajonlar taqdiriga nisbatan Prezidentimiz tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning yuksak namunasidir. Chunki afv degani, toʻgʻri yoʻlga qaytib, hayotning qadriga yetib yashash uchun berilgan imkon, avvalo, ishonch degani, Prezidentning ishonchi degani. Bu ishonchni oqlash, unga munosib boʻlish esa insoniy burchdir.
Ramazon hayiti qalblarni poklaydigan, dillarni bir-biriga bogʻlaydigan bayram. Shu ulugʻ kunlarda qilmishidan chinakam pushaymon boʻlgan shaxslarni kechirish – qalbi vayron boʻlib yaqin insonini kutayotgan butun bir oilani yangidan hayotga qaytarish bilan barobar. Zotan, adashganlarga toʻgʻri yoʻl topishi uchun imkon berish xalqimizga bebaho xos fazilatdir.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring