Adogʻi yoʻq toʻy mashmashalaridan qachon qutulamiz?

14:03 11 Dekabr 2024 Jamiyat
395 0

Toʻy – aslida xalqimizning maʼnaviy qiyofasini belgilovchi qadriyatlardan biri, mehr-oqibat tadbiri sifatida koʻriladi. Qolaversa, yurtimizdagi toʻkin-sochinlik, tinchlik, birdamlik va bagʻrikenglik ramzi.

Botir Madiyorovning “Xalq soʻzi” gazetasining 2024-yil 30-noyabrdagi onlayn nashrida eʼlon qilingan “Qarzga botsa ham toʻy toʻydek boʻlsinmi?” sarlavhali maqolasi meni ham ana shu mavzuga murojaat qilishga undadi. Unda keltirilgan toʻy mashmashalari, toʻydan keyingi ajralishlar, fojiali holatlar boʻyicha keltirilgan statistik maʼlumotlar odamning yuragini beixtiyor zirqiratadi.

Yaqinda bir tanishim qoʻlimga taklifnoma tutqazdi. Uning tanishi toʻy qilayotgan ekan. “Axir men uni tanimasam...” desam u: “Toʻy egasi yaqin oʻrtogʻim, birga boramiz”, dedi. Raʼyini qaytargim kelmadi. Ogʻaynim bilan toʻyxonaga borganimda yonimdagilar bilan soʻrashib, yon-verimga nazar tashladim. Toʻyxona toʻrini kelin-kuyov va doʻstlari egallashgan. Toʻrt tomondagi sandiqday-sandiqday vassa-karnaylardan taralayotgan shovqinli musiqa quloqlarni batang qilardi.

Bazm avjiga chiqqanida xonanda yigit shoʻx-shoʻx qoʻshiqlarni bir-biriga uladi, oʻrtada yoppasiga yosh-u keksa oʻyinga tusha boshladi. Toʻyxona egalarining kayvonisi yetovida bir toʻda amma-xolalar, togʻa-jiyanlar raqs maydoniga chiqqanlarida ularning ustidan dasta-dasta pullar sochildi. Mening xayolimda unsiz va alamli fikrlar charx urardi.

Ey birodarlar! Qayoqqa qarab ketyapmiz, nahotki, qorin qaygʻusi ilm-maʼrifat tuygʻusidan, odobdan, axloqdan ustun boʻlsa?!

Bir vaqtlar Usmon Nosir orzu qilgan “Kiprigi koʻksiga soya solgan qiz”lar qayda qoldi?!

Navoiy bobomiz: “Jannat onalar oyogʻi ostidadir” deya taʼriflagan, muzda ham gul oʻstiruvchi, toshda ham meva soldiruvchi, momaqaldiroqni musiqaga, chaqmoqni ziyoga aylantiruvchi millatimiz nega toʻyparast, urfparast, jaholatparast boʻlib ketyapti?!

Qachongacha koʻchalarimizni “Maʼrifat” deya nomlab qizlarimizga Maʼrifat deya ism qoʻyib, oʻzimizni va farzandlarimizni maʼrifatdan yiroq tutamiz?!

Qachongacha ziyofatni maʼrifatdan ustun tutamiz?! Nahotki, ziyofat bilan dunyoga kelib, ziyofat bilan oʻlsak?! Nahotki, nafs oloviga oʻtin tashlab dunyodan oʻtsak?!

Yaqin kunlargacha ota-bobolarimiz mahallalarni jamoatchilik asosida boshqargan. Jamoat ishi uchun davlatdan haq soʻrashni oʻziga or deb bilgan. Mahalla oqsoqolining gapi gap boʻlgan, tartib-intizom boʻlgan. Toʻy-hashamlar hammabop va hamyonbop boʻlgan. Hech kimsa oʻzidan ketib, kim oʻzarga toʻy qilmagan.

Taassufki, davlatimiz tomonidan mahallalarga qanchalik koʻp eʼtibor berilayotganiga, mahalla faollarining shunchalik saʼy-harakatlariga qaramay, topgan-tutganimizni toʻy-maʼrakalarga sarflash, isrof qilishdan tiyilmayotganimiz yumshoqroq qilib aytganda, noshukurlikdan boshqa narsa emas. Buni qachon tushunib yetamiz?

Imomqul NURINOV,

madaniyat xodimi,

Guliston shahri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер