Ado etilgan vasiyat...

15:54 08 May 2020 Jamiyat
2238 0

1941-yilning kuzi... Musaxon daraxtlarda sargʻayib, shamolning belanchagida ohista tebrangancha goh yerga, goh ariq suviga tushayotgan oltinrang yaproqlarga termulib oʻtirardi. Uning xayoli parishon edi. Ertaga urushga joʻnaydi. Umrida ilk bor qoʻliga qurol oladi. Soʻng esa...

Qoʻlidagi Ergashxonning tipirchilaganidan Musaxonning xayoli boʻlindi. Bir yarim yoshli oʻgʻli mitti qoʻlchalari bilan uning yuzini siladi. Beixtiyor yigitning koʻzlariga yosh qalqdi. “Nima boʻlgan taqdirda ham jangga kirish kerak. Mana shu murgʻaklarning tinch-totuv hayoti uchun, Vatan ozodligi uchun, shaʼn, or-nomus uchun!” U shu soʻzlarni pichirlagancha uyi tomon shaxdam yurib ketdi...

Vokzalda tumonat odam yigʻilgandi. Frontga otlangan yigitlarga otalar pand-nasihat qilar, onalar, yosh goʻdagini koʻtargan ayollar unsiz koʻz yosh toʻkardi. Boshqa safdoshlari kabi Musaxon ham onasi tutgan nonni tishlagach, yugurib poyezdga chiqib oldi. Xadichaxon ayaning duoga koʻtarilgan qoʻllari, ayoli Nisoxonning mungli koʻzlari va oʻgʻli Ergashxonning maʼsum chehrasi uning koʻz oʻngida muhrlanib qoldi...

***

1945-yil, 9-may. Ikkinchi jahon urushi nemis fashistlarining magʻlubiyati bilan tugadi. Muhoraba maydoni — hayot-mamot maydoni. Olovli jangohlardan kimdir qaytdi, kimdir qaytmadi.

Jumladan, Andijon viloyatining Marhamat tumanidan frontga yoʻl olgan Musaxon Ahmedov ham “bedarak” ketadi.

— Otam yuborgan maktublarni asrab qoʻygandik, — deydi Ergashxon Xoʻjayev. — Bu xatlarda navqiron yoshda hayotning achchiq sharobini totishga majbur boʻlgan — yosh oilasini tashlab, urushga ketgan, turli sinovlarni, azob-uqubatlarni boshidan kechirgan insonning qalb dardlari aks etardi. Shu bilan birga, Vatan uchun, el-yurt uchun, musaffo osmon uchun qon kechib, dushmanga qarshi mardonavor jang qilayotgan oʻktam yigitning gʻururbaxsh tuygʻulari barq urardi. Ularni oʻqib, cheksiz iftixor tuyardim... “Azizlarim, sizlarni sogʻindim. Urush ham tugay deb qoldi. Germaniya ostonasidamiz. Gʻalaba onlari yaqin...” Otamdan kelgan soʻnggi maktubning mazmuni shunday edi... Kun, oy, yillar oʻtdi. Ammo biz kutgan inson kelmadi. Diydor qiyomatga qoldi.

Xadichaxon ayaning oʻgʻlini qidirib, izlab-surishtirib bormagan joyi qolmadi. Ona baribir ona-da! Oʻzi guldek soʻlsa-da, umidi soʻnmaydi. 1956-yili hayot bilan vidolasharkan, nabirasi Ergashxonga otasining daragini topishni vasiyat qildi...

***

Sobiq ittifoq davrida bir nomaqbul tushuncha bor edi: nomaʼlum askar. Ikkinchi jahon urushida Vatani, oilasi, yaqinlari uchun jangga kirganlar taqdiriga bunday yondashuv inson shaʼni, qadr-qimmatiga katta hurmatsizlik edi. Ana shunday noinsoniy munosabat sabab oʻz farzandlarini, qarindoshlarini, turmush oʻrtoqlarini frontga kuzatgan millionlab vatandoshlarimiz ularning yoʻllariga uzoq yillar ilhaq boʻlib, koʻz tikib yashadi. Koʻpgina kishilar “bedarak” ketgan yaqinlarining tirik yoki shahid ekanligini bilmasdan hayotdan koʻz yumdi.

Faqat istiqlol tufayligina dunyoni fashizm balosidan xalos etish yoʻlida jonini qurbon qilgan insonlar xotirasiga bunday yondashuv barham topdi. Yurtimizdan frontga ketib, halok boʻlgan minglab jangchilarning nomi, ularning jasorati, dafn etilgan joylari aniqlashtirilib, “Xotira” kitobiga muhrlandi.

— Maktabda tarix fanidan dars bergan onam 1994-yili “Xotira” kitobini varaqlab, bobom haqidagi maʼlumotlarni topib keldi, — deydi Guljahon Xoʻjayeva. — Unda bobomning Polshada vafot etgani yozilibdi. Shundan soʻng katta buvimning ruhini shod etish, armonlarini roʻyobga chiqarish uchun arxivlardan izlab, bobom haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldim. U kishi 1-Ukraina frontining 7-gvardiya mexanizatsiyalashgan korpusi tarkibida tankchi serjant boʻlib xizmat qilgan ekan. Biroq 1945-yil 3-aprel kuni, gʻalaba bayrogʻi koʻtarilishiga bir oy qolganida ogʻir yaralanib, Polshaning Kendzejin Kozle shahrida (oʻsha vaqtdagi Germaniyaning Xeydebrek shahri) harbiy shifoxonada hayotdan koʻz yumadi hamda ushbu shaharga dafn qilinadi. Oʻtgan yili may oyida bobomning qabrini izlab topish va ziyorat qilish maqsadida Polshaga yoʻl oldim. Kendzejin Kozle shahri hokimiyatiga borib uchrashdim. Ular oʻzbek xalqining oʻz ajdodlariga boʻlgan hurmatiga, ayol kishi boʻlishimga qaramay, bobom qabrini izlab kelganimga lol qolishdi. Soʻng bobom haqidagi hujjatlarni berishdi. Oʻzbek jangchisining qabri shahardagi birodarlik mozorida 121-raqamda qayd qilingan ekan.
 

Guljahon opa bobosi qabrini ziyorat etdi. Qurʼon tilovat qilib, Yaratgandan oʻtganlarning ruhini shod etishini soʻradi. Soʻng qabrdan bir siqim tuproq oldi...

Tankchi bobo xoki Vataniga, ajdodlari mangu orom topgan mozorga qoʻyildi.

Dilshod KARIMOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер