Adliya vazirligi va tilshunos olimlar hamkorligida “Ismlar” elektron lugʻati va mobil ilovasi yaratilmoqda

10:37 16 Dekabr 2022 Jamiyat
777 0

Foto: Халқ сўзи

Inson dunyoga kelishi bilan unga ism qoʻyiladi va u Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlarida tegishli tartibda qayd etiladi. Ushbu jarayonda fuqarolarga qulaylik yaratish, ismlarning maʼnosi va yozilishidagi oʻziga xosliklarni eʼtiborga olish, milliy qadriyatlarga mos ismlarni ommalashtirish masalalari bugungi kunda dolzarb hisoblanadi.

Hozirgi kunda Adliya vazirligi tashabbusi va taklifiga koʻra Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining bir guruh olimlari tomonidan oʻzbek ismlarining elektron imlo lugʻatini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Ushbu elektron lugʻatda ismlarning oʻzbek tili lotin alifbosida hamda ingliz tilida yozilishi va maʼnosi (izohi) aks etadi. Lugʻat FHDYO elektron tizimiga integratsiya qilinadi.

Ushbu loyiha fuqarolarga ism tanlashda, FHDYO organlari xodimlariga esa ismlarni qayd etish va oʻzgartirish jarayonlarida muhim tayanch manba boʻlishi nazarda tutilgan.

Bugun Adliya vazirligida boʻlib oʻtgan «Oʻzbek ismlarining izohli imlo lugʻatini yaratish hamda uni FHDYO elektron tizimiga integratsiya qilishga doir muhim masalalar» mavzusidagi vebinar ushbu masalalar muhokamasiga bagʻishlandi. Seminarda Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova, Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori Saodat Muhamedova va dotsenti Muyassar Saparniyazova, Xalqaro Islom akademiyasi prorektori, professor Zohidjon Islomov kabi olimlar, shuningdek, Respublikamizdagi 200 dan ortiq FHDYO organlari xodimlari ishtirok etishdi. Mavzuga oid nazariy va amaliy masalalar qizgʻin muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер