Adliya vazirligi Teatr arboblari uyushmasining xatiga munosabat bildirdi

15:59 11 Sentyabr 2022 Jamiyat
1109 0

Foto: Arxiv surat

Ijtimoiy tarmoqlarda “Teatr arboblari uyushmasi”ning teatr spektakli boʻyicha xulosa olinishi lozimligi yuzasidan davlat tashkilotlariga kiritgan xati muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Nodavlat notijorat tashkilotlarini roʻyxatga oluvchi organ sifatida Adliya vazirligi ushbu masala yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

“Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga asosan, nodavlat notijorat tashkilotining davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mazkur Qonunning 8-moddasiga muvofiq, nodavlat notijorat tashkiloti qonunchilik va taʼsis hujjatlariga rioya etishi, moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi axborot bilan tanishish erkinligini taʼminlashi, oʻz faoliyati toʻgʻrisida belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etishi shart.

“Teatr arboblari uyushmasi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalarining ommaviy tadbir oʻtkazishga ruxsatnoma berishi bilan bogʻliq munosabatlarga aralashishi ustav faoliyatidan chetga chiqish va qonunchilik talablarini buzish deb hisoblanadi.

“Teatr arboblari uyushmasi”ning 2022-yil 7-sentyabrdagi 01-02-71-son xati qonuniy kuchga ega emas.

Shunga koʻra, “Teatr arboblari uyushmasi” qonunchilik hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida 2022-yil 10-sentyabr kuni yozma ravishda ogohlantirildi va davlat tashkilotlariga yuborilgan xatini ijrodan chaqirib olish haqida koʻrsatma berildi.

Qayd etish lozimki, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasiga koʻra, teatrlar badiiy yoʻnalishlarni, repertuarni tanlashda, sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishda, shuningdek samarali ijodiy jarayonni va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan, qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda erkindir.

Ularning faoliyatiga aralashish madaniy faoliyat sohasidagi asosiy prinsiplardan biri boʻlgan “ijodiy faoliyat erkinligi”ga ziddir.

Shu bilan birga, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 20-moddasiga koʻra, madaniy-ommaviy tadbirlar oʻtkazilayotgan vaqtda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatishga, shafqatsizlik va zoʻravonlikni targʻib etishga, shuningdek, oʻzga shaxslarning huquqlarini kamsitishga qaratilgan plakatlar, timsollar, transparantlardan va boshqa ashyolardan foydalanish taqiqlanadi.

Kelgusida nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ustav faoliyatidan chetga chiqish holati takrorlansa, javobgarlik choralari koʻrilishi va faoliyatini toʻxtatish yuzasidan sud organlariga murojaat qilinishi haqida maʼlum qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер