Adliya vazirligi: Majburiy talablar qisqartirilib, litsenziya va ruxsat berish tartibi soddalashtirilmoqda
Adliya vazirligi tomonidan qonunchilikdagi talablar, shu jumladan, litsenziya va ruxsat berish tizimini tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazish orqali ishlab chiqilgan “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 2024-yil 1-martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinmoqda, shu jumladan:
– 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat toʻliq bekor qilinadi;
masalan, bojxona tashuvchilari reyestriga kirishda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi;
– 6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yoʻli bilan bekor qilinadi;
-xususan, eksport nazorati obyektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya birlashtirilmoqda;
– 3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga oʻtkaziladi;
masalan, endilikda turagentlik faoliyati bilan litsenziyasiz shugʻullanish mumkin boʻladi.
Shuningdek, litsenziya yoki ruxsatnomani berishda talabgorlarni video aloqa yordamida masofadan turib baholashga ruxsat etilmoqda.
Chiqish turizmini amalga oshirishda 15 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻni Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish bekor qilinadi.
Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli transport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazish joylarini ixtiyoriy ravishda tanlash mumkin (bugunga qadar texnik koʻrikdan oʻtkazish ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda oʻtkazilayotgan edi).
Ushbu Farmon qabul qilinishi natijasida tadbirkorlarning qariyb 350 mlrd soʻmlik xarajatlari tejaladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring